Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 11-dekabr kuni amaliy tashrif bilan Ashxobodga jo‘nab ketdi. Davlat rahbari tashrif davomida bir qator tadbirlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
12-dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Turkmanistonning doimiy betarafligi e’lon qilinganining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025-yilning “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda nutq so‘zlaydi. Tadbirda ko‘plab davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, yirik xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashadi.
Forumning yalpi sessiyasida Prezident Mirziyoyev “Tinchlik va ishonch: barqaror kelajak yo‘lidagi maqsadlar mushtarakligi” mavzusida ma’ruza qiladi. Shuningdek, tashrif doirasida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.


