13-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan kurash dunyosi (United World Wrestling) rahbari Nedad Lalovichni qabul qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va ushbu nufuzli xalqaro tashkilot o‘rtasida yakka kurash turlarini rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish, xalqaro musobaqalarni tashkil etish va sport infratuzilmasini modernizatsiya qilish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda yunon-rum, erkin va ayollar kurashi, shuningdek, aralash jang san’atlari jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi. So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro miqyosdagi yirik musobaqalarda 45 ta yuksak mukofot, jumladan, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida oltin medallarni qo‘lga kiritganlari qayd etildi.
Nedad Lalovich O‘zbekistonda ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarni sportga keng jalb etish, zamonaviy sport infratuzilmasini kengaytirish hamda xalqaro turnirlarni muntazam o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Tomonlar yirik qit’a va jahon chempionatlarini O‘zbekistonda tashkil etish, Birlashgan kurash dunyosi sha’feligida mintaqaviy kurash akademiyasini ta’sis etish, shuningdek, sport tibbiyoti, psixologiyasi va dietologiyasi yo‘nalishlarida ilmiy-amaliy hamkorlikni kuchaytirish masalalarini ham ko‘rib chiqdilar.
Davlat rahbari yoshlar va bolalar o‘rtasida yakka kurash turlarini ommalashtirish, iqtidorlarni saralash va tayyorlash tizimini zamonaviy asosda tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Mahallalardan tortib maxsus sport maktablari va markazlargacha bo‘lgan infratuzilmani yanada rivojlantirishga e’tibor qaratish lozimligi alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sport va ommaviy jismoniy tarbiya rivojiga qo‘shgan katta hissasi uchun Nedad Lalovichni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.


