1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Shavkat Mirziyoyev Bo‘stonliqdagi agro-turizm loyihasi bilan tanishdi

Bo‘stonliq tumanida 3 ming gektar maydonda yirik rezavor bog‘lar barpo etilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Bo‘stonliqdagi agro-turizm loyihasi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chimyon mahallasida barpo etilayotgan yirik agro-turizm loyihasi bilan tanishdi.

 

Hududning tabiiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, 3 ming gektar maydonda malina, qoraqat, qulupnay, o‘rmon yong‘og‘i kabi rezavor mevalar yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Umumiy qiymati 60 million dollardan ortiq bo‘lgan loyiha doirasida bog‘lar tashkil etilishi, mahsulotlarni qayta ishlash korxonalari va yirik omborxonalar qurilishi rejalashtirilgan.

 

Hozirgi kunda 50 gektarda malina va qulupnayning eksportbop navlari ekilgan bo‘lib, bog‘lar to‘liq tomchilatib sug‘orilmoqda. Malinaning har gektaridan 400 mln so‘mgacha, qulupnaydan esa 500 mln so‘mgacha daromad olinishi kutilmoqda. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, yiliga 24 ming tonnaga yaqin mahsulot yetishtiriladi, uning katta qismi eksportga yo‘naltiriladi. Eng asosiysi, loyihada 12 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

 

Davlatimiz rahbari qayta ishlashni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va sifat nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, boshqa adir va yaylovlarda ham shunday serdaromad bog‘larni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

 

– Bu bog‘da mehnatning samarasini ko‘rib turibmiz. Natijasi, avvalo, daromad va xalqimizga manfaati. Bunday ekinlarning rentabelligi an’anaviy ekinlarga nisbatan bir necha barobar yuqori. Shuning uchun rezavor meva yetishtirishni kengroq yoyib, ko‘proq odamlar daromad topishini ta’minlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика