Sirdaryo viloyatida soliq organlari xodimining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, Yangiyer shahar Soliq inspeksiyasi rahbari A.B. tadbirkor ayolga nisbatan xizmat mavqeiga zid va odob-axloqqa mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan xatti-harakatlar sodir etgan. Jumladan, u uzoq vaqt davomida ayolni noo‘rin mazmundagi xabarlar bilan bezovta qilgan, shuningdek, turli bosim o‘tkazishga uringan.
Mazkur murojaatlar asosida holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko‘rib chiqildi. Tekshiruv natijasida mansabdor bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Shuningdek, to‘plangan hujjatlar Sirdaryo viloyati prokuraturasiga yuborildi va Yangiyer shahar sudida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.


