1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Shavkat Mirziyoyev Eron Prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi

Uchrashuvda O‘zbekiston—Eron o‘rtasida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev Eron Prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi

 

 

Bugun, 14-sentabr kuni Samarqanddagi Kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev va rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.

 

Davlat rahbari Eron Prezidentining ushbu tashrifini tarixiy deya baholadi hamda mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan qutladi.

 

Keyingi yillarda O‘zbekiston – Eron munosabatlari yangi sur’at bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. 


 
Muzokaralarda Prezidentlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

 

Savdo va transport sohalaridagi sheriklikka, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.


Tomonlar keyingi yillarda o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashganini qayd etdilar. Savdo ko‘rsatkichlari va kooperasiya loyihalari soni oshib bormoqda. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash 73 foizga, joriy yil boshidan esa yana 15 foizga oshdi.

 

Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes va fan-innovasiya forumlari o‘tkazildi, Qo‘shma investisiya qo‘mitasi ta’sis etildi.

 

Ikki tomonlama savdoni yanada ko‘paytirish, yaqin istiqbolda tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi.

 

Shu maqsadda tegishli “yo‘l xarita”si ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim imzolash ko‘zda tutilgan.


Qishloq xo‘jaligi, farmasevtika, neft-gaz, qurilish materiallari va metall mahsulotlar ishlab chiqarish tarmoqlarida, fan va innovasiyalar sohasida boshlangan va ishlab chiqilayotgan kooperasiya loyihalari qayd etildi. Qo‘shma sanoat klasterlarini yaratish orqali ishlab chiqarishni mahalliylashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

 

Transport-logistika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. “O‘zbekiston – Turkmaniston - Eron” yo‘li orqali avtotransportda yuk tashishni yo‘lga qo‘yish, “Chobahor” porti salohiyatidan samarali foydalanish, yuklar olib kirilishi va tranziti sharoitlarini yengillashtirish bu boradagi imkoniyatlarning kengayishiga xizmat qilishi aytib o‘tildi.

 

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi iqtisodiy, turizm va madaniy aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Afg‘oniston mavzusi yuzasidan ham fikr almashildi.

 

Ibrohim Raisiy O‘zbekiston Prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Eronga borishga taklif etdi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика