1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Shavkat Mirziyoyev eski shaharda joylashgan mahallaga bordi

Prezident Olmazor tumanidagi turizm va xizmat ko‘rsatish loyihalari bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev eski shaharda joylashgan mahallaga bordi

 


Bugun, 23-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan Xastimom mahallasidagi Zarqaynar ko‘chasiga bordi. Davlat rahbari bu yerda tashkil etilgan turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi. Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tashrif davomida hududni kompleks rivojlantirish natijalari namoyish etildi.


Qayd etilishicha, turizm kam mablag‘ evaziga ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadini oshiradigan va hudud qiyofasini yaxshilaydigan muhim soha hisoblanadi. Shu maqsadda Olmazor tumanida 447 gektar hududni qamrab olgan yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 15 ta mahallani bog‘laydigan 6 ta ko‘chada turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda. Zarqaynar ko‘chasida esa tarixiy muhitni saqlagan holda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bajarilgan.


Respublika budjetidan ajratilgan 150 milliard so‘m hisobiga 576 ta xonadon milliy uslubda ta’mirlandi. Shuningdek, 100 nafar tadbirkor tomonidan kiritilgan 166 milliard so‘mlik investitsiyalar evaziga 7 ta mehmonxona, 8 ta restoran, 5 ta hunarmandchilik markazi, savdo va 125 ta xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etilib, 1500 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi. Prezident yangilangan ko‘cha bo‘ylab yurib, aholi, turistlar va hunarmandlar bilan suhbatlashdi.


Davlat rahbari turizmni rivojlantirishda hunarmandchilik alohida o‘rin tutishini ta’kidlab, hunarmandlar uchun sharoit yaratish, malakali kadrlar tayyorlash zarurligini qayd etdi. Shu bilan birga, “Olmazor” innovatsion o‘sish hududini rivojlantirish bo‘yicha master-reja taqdim etildi. Prezident tarixiy merosni asrab-avaylagan holda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, har bir ko‘cha uchun uzoq muddatli reja ishlab chiqish va alohida “Eski shahar” dasturini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика