1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Siyosat

Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasida tor doirada muhim muzokara bo‘lib o‘tdi

Uchrashuvda strategik sheriklikni kengaytirish, savdo hajmini 10 mlrd dollarga yetkazish va qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasida tor doirada muhim muzokara bo‘lib o‘tdi



15-noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasida tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

 

Suhbat chog‘ida Qozog‘iston Prezidentining davlat tashrifi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi.

 

Tashrifga tayyorgarlik jarayonida Toshkentda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumi, “Qozog‘iston tibbiyoti kunlari”, qozoq filmlari namoyishi, Ostona kunlari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

 

Muzokaralarda o‘zaro savdo hajmini jadal oshirish zarurligi alohida qayd etildi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tovar ayirboshlash 4 milliard dollarga yetgani, import o‘rnini bosish va yangi loyihalar orqali bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgani bildirildi. Yuk tashish hajmi barqaror o‘sib bormoqda, ikki davlat o‘rtasida haftasiga 40 dan ortiq aviaqatnov amalga oshirilmoqda.

 

So‘nggi yillarda 6,5 mingga yaqin qo‘shma korxona tashkil etilgani, sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishida katta hajmdagi yirik loyihalar boshlanganini inobatga olib, umumiy qiymati 8 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi loyiha portfeli shakllantirilgani ma’lum qilindi. Ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish taklifi ilgari surildi.

 

Muzokaralar davomida energetika, transport, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, ekologiya, raqamli texnologiyalar va boshqa muhim yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

 

Shuningdek, hududlararo hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlanib, ikki mamlakat hududlari rahbarlarining birinchi Kengashini 2026-yilda Qozog‘istonda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

 

Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика