1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Shavkat Mirziyoyev YTTBning Samarqand sammitida ishtirok etdi

Davlat rahbari yig‘ilishning yalpi sessiyasida nutq so‘zladi.

Shavkat Mirziyoyev YTTBning Samarqand sammitida ishtirok etdi

 

Bugun, 17-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishida ishtirok etdi.

 

Davlat rahbari yig‘ilishning yalpi sessiyasida nutq so‘zladi.

 

“Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining bu yilgi yig‘ilishi qadimiy va betakror Samarqandda o‘tkazilayotganini biz mamlakatimizga, islohotlarimizga yuksak ishonch va eʼtibor ifodasi sifatida qabul qilamiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

YETTBning bunday yig‘ilishi mamlakatimizda 20 yil oldin bo‘lib o‘tgandi. Undan beri O‘zbekiston ancha o‘zgargani, iqtisodiyot erkinlashtirilgani, barcha sohalarda keng ko‘lamli yangilanishlar boshlandi va izchil amalga oshirilmoqda.

 

Ushbu islohotlar dasturini amalga oshirishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonning strategik hamkorlaridan biri. Uning mamlakatdagi loyihalar portfeli 4 milliard yevrodan oshgan. Shundan 3,3 milliard yevrolik loyihalar so‘nggi to‘rt yilda boshlangan.

 

O‘tgan yil yakuni bilan O‘zbekiston bankning beshta eng asosiy hamkorlari qatoriga kirgan. Yillik investitsiya hajmi bo‘yicha esa uning Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes sherigidir.

 

Davlat rahbari xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

 

Xususiylashtirish va xususiy sektor uchun keng sharoitlar yaratish, infratuzilma, tibbiyot, taʼlim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish, “yashil iqtisodiyot”, ayniqsa, “yashil energiya” sohalarini jadal rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini yana-da qo‘llab-quvvatlash, yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash shular jumlasidan.

 

Davlat rahbari bank bilan hamkorlikda bu sohalarda yangi loyiha va dasturlar amalga oshirilishini maʼlum qildi. Shuningdek, bankni qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikdagi mintaqaviy loyihalarda ishtirok etishga taklif etdi.

 

“Bugungi xalqaro anjuman Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan mamlakatimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun tarixiy imkoniyat yaratmoqda”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston investitsiya taqdimoti ham o‘tkazilib, biznes sohasida qanday katta imkoniyatlar borligi ko‘rsatib berildi. Bundan tashqari, anjuman sessiyalarida sog‘liqni saqlash, taʼlim, infratuzilma, transport, energetika sohalarida 40 dan ortiq yirik xususiy sheriklik loyihalari taqdimot qilinadi.

 

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqand sammiti 18 may kuni yakunlanadi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика