O‘rta asrlarda Sharqda juda keng tarqalgan tarixiy adabiyotlar (solnomalar – hukmdorlarning tarjimai hollari, manoqiblar) ham portret janrining rivojlanishiga sezilarli taʼsir ko‘rsatgan. Aksariyat hollarda asarning buyurtmachisi sanalgan shohlarning shaxsiy hayoti va faoliyatidagi real voqealarni ifodalashda tarixiy va xotiraviy adabiyot panegirik (madh etish) xususiyati doirasida qolib ketgan. Tasvirlangan aniq tarixiy shaxslarning tipologik xususiyati mumtoz adabiyotdagi rasmlarga yaqin bo‘lgan. Shu bilan birga, tarixiy mavzudagi qo‘lyozmalarning bezakli suratlarida baʼzan tasvirning anʼanaviy tamoyillari saqlangan holda, tarixiy shaxslarning ikonografiyasini yaratishga harakat qilingan. Bu holatni temuriylar davri qo‘lyozmalarida ko‘p uchraydigan Jamshid, Faridun, Iskandar Maqduniy, Doro, Anushervon singari afsonaviy, yarim afsonaviy va tarixiy qahramonlar qiyofalarida ko‘rishimiz mumkin.
Maʼlumki, Amir Temur (1336-1405) siymosi Sharq qo‘lyozmalarida eng ko‘p uchraydigan obrazlardan biri. Shu bilan birga u dunyo tarixidagi eng yirik sarkardalardan biri hisoblanadi. Amir Temur 1370 yilda Movarounnahrda yirik markazlashgan davlat barpo etdi va umrining so‘ngiga qadar uni kengaytirishga harakat qildi. U o‘z saltanati hududida ijtimoiy adolat o‘rnatish barobarida meʼmorchilik, ilm-fan, adabiyot va sanʼatni rivojlantirishga harakat qildi. Ayniqsa, temuriylar davrida tasviriy sanʼat keng rivojlandi, Kamoliddin Behzod singari isteʼdodli rassomlar yetishib chiqdi.

Amir Temurning XV asrda ishlangan miniatyurasi.
Nafaqat temuriylar, boburiylar yoki shayboniyar davrida yaratilgan asarlarda balki, G‘arb tasviriy sanʼat asarida ham Amir Temur obraziga ko‘p bor murojaat qilingan Sohibqironning o‘ziga xos xususiyatlari aks ettirilgan ilk “portret”lar Xurosonda, temuriylar davridagi Hirotda, Shohrux va uning o‘g‘li, fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Boysunqur Mirzo hukmronligi yillarida paydo bo‘lgan.
Bu borada rassomning o‘z qahramoniga xos bo‘lgan aniq xususiyatlarni bilishi katta rol o‘ynagan. Biz bu holatni Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si yoki Abdulloh Xotifiyning «Temurnoma»siga ishlangan miniatyura turkumlarida Amir Temur taxtda o‘tirgan, deyarli doim bir oyog‘ini o‘ziga yaqinroq tortgan va ikkinchisini uzatgan holda, cho‘qqi soqolli ko‘rinishda tasvirlangan.
Uning obrazi aks etgan ushbu ikonografiya taxminan uch asr davomida saqlangan va temuriylar davridagi Hirotda ko‘proq qo‘llanilgan. Bu anʼana XVI asrda safaviylar davridagi Sherozda ham, XVII asrga qadar Movarounnahrda ham saqlanib qolgan. Hukmdor, odatga ko‘ra, jasur jangchi, adolatli davlat boshlig‘i, chin musulmon va boshqa ijobiy sifatlar bilan tasvirlangan. Shu tariqa uning portreti davlatning muhim mafkuraviy targ‘ibot quroliga aylangan.
Har qanday holatda ham, buyuk hukmdor o‘zi namoyon etgan syujet va obrazga muvofiq tarzda, o‘z davrining “ideal” qiyofasini saqlab qola olgan. Umuman olganda, tarixiy asarlarga ishlangan suratlarda rassomlar maʼlum tarixiy qahramonlarni, xususan hukmdorlar va sarkardalarni tasvirlashar ekan, shaxslarning individual xususiyatlarini emas, balki voqea, vaziyat, toifa turiga eʼtibor qaratgan holda, odob-axloq qoidalariga rioya qilganlar.

Behzod. Amir Temurning buyuk amir etib tayinlanishi. (Zafarnoma, 1480-1485). Jon Xopkins universiteti kutubxonasi. (AQSH).
Amir Temur o‘z zamondoshlari va keyingi avlodlarning katta eʼtiborini qozongan. Buning isboti sifatida nafaqat avlodma-avlod o‘tib kelgan og‘zaki manbalarni, shu bilan birga ham adabiy, ham musiqiy asarlarni, tasviriy sanʼatning turli janrlarida aks etgan Amir Temur obrazlarini ham ko‘rsatish mumkin.
Maʼlumki, Amir Temurning o‘zi ham nomi avlodlar xotirasida muhrlanib qolishini orzu qilgan va tarixchilarga o‘z hayotidagi voqealar haqida kitoblar yozishni yoki rassomlarga o‘zining tarjimai holi aks etgan voqealarni aks ettiruvchi ulug‘vor suratlar chizishni buyurgan.
1404 yilda Amir Temur huzuriga elchi bo‘lib kelgan Ryui Gonzales de Klavixo o‘zining “Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” asarida hukmdor, shuningdek o‘sha paytdagi bir qator tarixiy shaxslarning tashqi ko‘rinishi haqida qimmatli maʼlumotlar beradi: “U shohsupa ustida o‘tirardi. Uning oldida favvora yuqoriga otilib turar, favvora hovuzida qizil olmalar suzib yurardi. Podshoh lo‘labolishga yonboshlagan holda shoyi ko‘rpacha ustida o‘ltirardi. Podshohning egnida gulsiz silliq shohi yaktak, boshida uzun telpak, telpakning yuqorisida qizil, yoqut, javohir va boshqa qimmatbaho toshlar qadalgan edi”.
Garchi Amir Temur davri voqealari haqida haqida Nizomuddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir, Hofizi Abru singari ko‘plab tarixchilar o‘z asarlarida yozib qoldirgan bo‘lsalar-da, Ibn Arabshoh uning tashqi ko‘rinishi haqida batafsilroq tavsif bergan yagona tarixchidir. Ibn Arabshohga ko‘ra: «Temur chiroyli qaddi-qomatli, baland bo‘yli, peshonasi ochiq, boshi katta, baland ovozli bo‘lgan, uning qudrati jasoratidan kam bo‘lmagan; yuzining yorqin qizilligi oqligini jonlantirgan. Yelkalari keng, barmoqlari ingichka, mushaklari kuchli bo‘lgan. Uzun soqol qo‘ygan; o‘ng qo‘li va oyog‘i janglarda shikastlangan. Nigohi juda mehribon edi…».
Bizgacha yetib kelgan Amir Temur portretlardan eng qadimgisi XIV oxiri – XV asr boshiga mansub. Unda Amir Temur jangovar libosda tasvirlangan.
Portretda uning chap qo‘li hajmi kichikroq, chap oyog‘i anʼanaviy tarzda soni ostiga olingan, o‘ng oyog‘i esa to‘g‘ri holatda taxtdan pastga osilgan. Rassom Amir Temurning nogironligini shu tarzda anʼanaviy holat bilan mohirona niqoblab, sanʼatkorona aks ettiradi. Bir oyog‘i uzatilgan, ikkinchi oyog‘i esa tizzadan bukilgan shartli holat ko‘pincha Hirot rassomlari tomonidan XV asr davomida, so‘ngra Movarounnahr rassomlari tomonidan XVII asrda Amir Temur obraziga nisbatan qo‘llanilgan va ayni holat qizg‘ish cho‘qqi soqoli bilan birga uning ikonografiyasining odatiy detallaridan biriga aylangan. Ammo ancha keyingi, XVI–XVII asrlarda ishlangan Eron yoki Hindiston miniatyuralarida Amir Temurning ikonografiyasi unutilgan. O‘z davri odob qoidalariga ko‘ra, Amir Temur obrazi miniatyurachilar tomonidan miniatyura yaratilgan davrdagi ideal shaxs, hukmdorlar yoki jangchilarning namunasi sifatida talqin qilingan.
Ibn Arabshohning yozishicha, «Amir Temur chiroyli qaddi-qomatli, baland bo‘yli, peshonasi ochiq, boshi katta, baland ovozli bo‘lgan, uning qudrati jasoratidan kam bo‘lmagan; yuzining yorqin qizilligi oqligini jonlantirgan. Yelkalari keng, barmoqlari ingichka, mushaklari kuchli bo‘lgan. Uzun soqol qo‘ygan; o‘ng qo‘li va oyog‘i janglarda shikastlangan. Nigohi juda mehribon edi…». Yuqoridagi miniatyura ushbu tasvirlarga mos kelishi bilan ham ahamiyatlidir.
Tarixchi olimlarning taʼkidlashlaricha, Amir Temur saroylari janglarda, ziyofatlarda, elchilarni qabul qilish sahnalarida va boshqa joylarda uning o‘zi ishtirok etgan devoriy suratlari bilan bezatilgan bo‘lsa-da, bu suratlar bizgacha yetib kelmagan. Amir Temurning hayotlik davrida miniatyurada aks ettirilgan birorta tasviri saqlanib qolmagan. Miniatyura sanʼatidagi mashhur suratlar orasida Temurning temuriylar davridagi Hirot va Sheroz, safaviylar davridagi Sheroz, XVI–XVII asrlardagi Movarounnahr maktabi kabi turli sanʼat markazlarida va turli davrlarda ishlangan portretlari alohida jozibaga ega, lekin Boburiylar Hindistoni rassomlari uni ko‘proq tasvirlashgan. Chunki, Boburiylar saroyida portret janri allaqachon tarixiy hujjat darajasiga ko‘tarilgan edi.
Temuriy hukmdorlardan biri, Iskandar Sulton davrida, XV asrning o‘rtalarida Sherozda Sharofiddin Ali Yazdiy tomonidan yozilgan “Zafarnoma” sarkarda faoliyatiga bag‘ishlangan tarixiy asarlar orasida Amir Temurning hayoti va faoliyati juda haqqoniy va to‘liq taʼriflangan asar sanaladi. Uning eng qadimgi nusxalaridan biri 1435-1436 yillarda yaratilgan bo‘lib, ayni paytda AQSHning Nyu-York shahridagi Metropoliten muzeyida saqlanmoqda.

Siroj al-Husayni. Bag‘dodning Amir Temur tomonidan olinishi. Zafarnoma, 1435-1436 yy. Metropoliten muzeyi.
Amaldagi axloq-odob tamoyillariga ko‘ra, Yazdiy Amir Temurni har ishda muvaffaqiyat qozongan va urushlarda g‘olib chiqqan sarkarda, raiyatga shafqatli, xoinlar va dushmanlar bilan murosasiz, haqiqiy musulmon sifatida taʼriflaydi. Asar yozib tugallanishi bilan, tez orada qo‘lyozma temuriylar davridagi tarixiy adabiyotlar orasida eng mashhur asarlardan biriga aylanib ulgurdi va tasvirlar bilan boyitilib qayta-qayta ko‘chirildi.
Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”siga ishlangan ilk rasmlar XV asrning birinchi yarmida Temurning nabirasi Ibrohim Sulton hukmronligi davrida Sherozda yaratilgan. Ularda Amir Temur obrazi shartli ishlangan, lekin rassom uning yuziga mongoloid irqiga xos xususiyatlarni kiritgan.
Sohibqiron obrazining keyinchalik sharq Rafaeli nomini olgan mashhur rassom Kamoliddin Behzod ijodiga mansub miniatyuralarda o‘ziga xos talqinini ko‘rishimiz mumkin. “Zafarnoma”ning yana bir qo‘lyozmasi 1480-1484 yillarda Hirotda, Husayn Boyqaro hukmronligi davrida ko‘chirilgan bo‘lib, bu nusxa Behzod mo‘yqalamiga mansub miniatyuralar bilan boyitilgan.

Behzod. Amir Temurning qipchoqlar qo‘shinini taʼqib etishi. (Zafarnoma, 1480-1485). Jon Xopkins universiteti kutubxonasi. (AQSH).
Yazdiyning “Zafarnoma”siga ishlangan mazkur illyustratsiyalar turkumidagi birinchi miniatyuraning syujeti temuriylar uchun juda katta siyosiy ahamiyatga ega. Aynan shu voqea, aniqrog‘i, 1370 yilning aprel oyida Balx zabt etilganidan so‘ng Temur Chig‘atoy ulusi hududlaridagi yagona hukmdorga aylangan.

Behzod. Amir Temurning Smirna (Izmir) qalʼasini zabt etishi. (Zafarnoma, 1480-1485). Jon Xopkins universiteti kutubxonasi. (AQSH).
Behzod unda voqeaning eng kulminatsion lahzasi – Sohibqironni hukmdor sifatida tan olayotgan Chig‘atoy ulusi beklarining qasamyod qilish jarayonini tasvirlaydi. Temur safdoshlari va ayonlari orasida, nafis bezatilgan chodir oldidagi taxtda tantanavor ko‘rinishda savlat to‘kib o‘tiribdi. U boshiga o‘zining mavqeini bildiruvchi qimmatbaho toj, ustiga yashil to‘n kiygan. Bir oyog‘i sonining ostiga bukilgan, ikkinchisi esa taxt yonidagi o‘rindiq ustiga tushirilgan. Uning qizg‘ish cho‘qqisoqol yuzida ulug‘vorlik aks etgan.

Behzod. Amir Temur Samarqanddagi jomeʼ masjidi qurilishini kuzatmoqda. (Zafarnoma, 1480-1485). Jon Xopkins universiteti kutubxonasi. (AQSH).
Xuddi shu qo‘lyozmadan olingan “Qipchoqlar qo‘shinining taʼqib qilinishi” miniatyurasida qo‘lyozmani ikki sahifasini egallagan. Amir Temur tomonidan Gurjistonning Nergiz shahridan quvib chiqarilayotgan qipchoqlar shu atrofdagi g‘orlarga yashiringan. Sharofiddin Ali Yazdiyning yozishicha, Temur bu jangda katta qalqonlardan savatlar yasashni buyurgan, shu savatlar orqali Amir Temur va uning askarlari tepadan g‘orga tushib, dushmanlarni qo‘lga tushirishgan.
Ushbu sahnani tasvirlarkan, Behzod o‘sha davrdagi odob qoidalari nuqtai nazaridan, Amir Temurni oddiy askar kabi singari savatda g‘orga tushayotganini tasvirlay olmasdi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmas edi. Shuning uchun u hukmdorga xos holatda, qoya tepasida, saltanat ramzi sanalgan soyabonning soyasida turib, voqeani kuzatayotgan sohibqironni tasvirlaydi.
Qo‘lyozmadagi yana bir miniatyurada Smirna qalʼasining Amir Temur tomonidan ishg‘ol qilinishi tasvirlangan bo‘lib, askarlar qalʼaga shiddat bilan bostirib kirayotgan bir paytda, sohibqiron kompozitsiyaning o‘ng tomoni, pastki qismida, amirlarga xos tarzda ot ustida, harbiy harakatlarning borishi haqidagi hisobotni tinglayotgan holda tasvirlangan. Behzodning o‘zi o‘sha davrda yashaganligi uchun ham hukmdor obrazini yaratishda qabul qilingan odob qoidalaridan chetga chiqa olmagan.

Govardxan, Amir Temur portreti. 1620-1627 yy.
Qo‘lyozmada Samarqanddagi Jome masjidining qurilishi ham o‘ta haqqoniy tarzda qalamga olingan. Unda Behzod turli sohasidagi ustalarning birgalikdagi mehnati aks etgan qurilish maydonining realistik tasvirini yaratadi. Diptixning o‘ng tomonida qurilishga shaxsan rahbarlik qilgan hukmdorning o‘zi tasvirlangan. Uning qiyofasi va Hirotdagi qurilishlarga katta homiylik qilgan Navoiy obrazi o‘rtasida maʼlum o‘xshashlik mavjud. Shu tariqa Behzod, go‘yo o‘z homiysi va ustoziga iltifot ko‘rsatib, uning qurilishga homiyligini Temurning shaharsozlik faoliyati bilan qiyoslagan. U bu yerda Mahmud Muzahhibning mashhur portretidagi Navoiy kabi hassaga suyanib turibdi, hatto uning yuzi ham Navoiy portretidagi yuz tuzilishiga o‘xshaydi.
Boburiylarning turli davrlarda yaratilgan miniatyuralarida Amir Temurning siymosiga katta o‘rin berilgan. Buning sababi temuriylar sulolasi asoschisi, Hindistondagi boburiylarning bobokaloni, o‘zining harbiy g‘alabalari, adabiyot, sanʼat va maʼrifatga homiyligi bilan mashhur bo‘lgan bu zotning favqulodda katta nufuzga egaligi bo‘lgan.
Yozma manbalarda keltirilishicha, «Jahongir podshoh o‘zining buyuk ajdodining hayotlik davrida yoki vafotidan keyin chizilgan, shu bilan birga, albatta, haqqoniy ishlangan portretiga ega bo‘lishni juda xohlagan. Qo‘l ostidagilar, uni xursand qilish istagida, unga Amir Temur portretlarini jo‘natishgan».
Boburiylar davrida yaratilgan Amir Temur portretlari shartli tarzda chizilgan va uning individual qiyofasini aks ettirmagan. Tabiiyki, bu rassomlarning hech biri Amir Temurni shaxsan ko‘rmagan. Ehtimol, Amir Temur portretlarining O‘rta Osiyoga xos ikonografiyasi yo‘qolgan yoki boburiylarning portret janri konsepsiyasiga to‘g‘ri kelmagan bo‘lishi ham mumkin.
Ana shunday miniatyuralardan birida Amir Temur kompozitsiyaning markazida o‘tiribdi. U saltanat tojini o‘ng tomonida o‘tirgan Boburga topshirmoqda. Hokimiyat timsollaridan biri hisoblangan tojning topshirilishi ayni damda hukmron sulolaning qonuniyligini tasdiqlaydi. Sohibqiron temuriylar davri uslubida kiyingan, boshiga salla o‘ragan yetuk inson sifatida tasvirlangan va uning umumiy ko‘rinishiga ham Boburiylarga o‘xshash xususiyatlar aks etgan. Chap tomonda Boburning o‘g‘li Humoyun (1530–1545) tasvirlangan.
Muhammad Afzal Abu Faqirullaxon. Amir Temur va uning avlodlari. Rampur Raza kutubxonasi (Hindiston).
Bunday suratlardan yana biri hindistonlik musavvir Muhammad Afzal abu Faqirullohxon ijodiga mansub bo‘lib, u ayni damda Rampur Raza kutubxonasida saqlanadi. Ushbu sulolaviy guruh portretidagi ayvonning markazida sulolaning asoschisi Amir Temur (1370–1405) o‘zining 12 nafar avlodi qurshovida tasvirlangan. Amir Temur siymosi mazkur portretda boburiylarning estetik tasavvurlari doirasida tasvirlangan bo‘lib, uning ikonografiyasidan mutlaqo foydalanilmagan.
Zamonaviy ilm-fan tarixiy shaxslarning hayoti, faoliyati, ularning tashqi ko‘rinishi, xarakteri, feʼl-atvorini chuqurroq o‘rganishni, ularning siymosini yana-da aniqroq, mukammalroq aks ettirishni talab etmoqda. Bu ayniqsa, fotografiya va kino taraqqiy etmagan paytlarda yashab o‘tgan tarixiy shaxslarning real qiyofasini yaratishda katta o‘rin tutadi. Demak, Sharq miniatyuralardagi Amir Temur tasvirlarini chuqurroq o‘rganish, tadqiq qilish orqali bu sarkardaning asl ko‘rinishini yana-da haqqoniyroq tasvirlash imkoniyati mavjud. Bu esa, zamonaviy rassomlar uchun Amir Temur ikonografiyasini o‘rganish, uning qiyofasini yana-da aniqroq va real ko‘rinishda tasvirlash imkonini beradi. Shuningdek, bu tadqiqotlar axborot texnologiyalari yordamida Amir Temurning 3D formatidagi qiyofasini yaratish, turli illyustratsiyalar, bolalar uchun suratli kontentlar, animatsion filmlar yaratishda ham foyda berishi mumkin.
Firdavs Abduxoliqov


