Surxondaryo viloyati paxtakorlari respublikada birinchi bo‘lib joriy yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardi. Bu haqida O‘zA axborot agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, qabul shoxobchalariga 275 ming 600 tonnadan ortiq sifatli xomashyo topshirilgan.
Hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olish uchun 1 ming 277 ta terim otryadi tashkil etilib, terilgan xom ashyoni qabul shoxobchalariga yetkazib berish uchun 2 ming 10 ta traktor va 2 ming 965 ta tirkama jalb etilgan.
Shu yildan vohada xorijiy tajriba asosida yuqori hosildor navlarni parvarishlash sinovdan o‘tkazilib, ayrim yer maydonlarida gektariga 80 sentnergacha hosil olingan. Shuningdek, Xitoydan keltirilgan 60 ta zamonaviy paxta terish mashinalari hosilni qisqa vaqtda va sifatli yig‘ib olishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Taʼkidlanishicha, viloyatning paxta rejasini bajarishda faol ishtirok etgan mexanizatorlar, suvchilar, terimchilar, barcha mehnatkashlar va xo‘jalik rahbarlari mehnati munosib rag‘batlantiriladi.


