Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tuman ixtisoslashtirilgan maktab-internatida joriy yilning 18 yanvar kuni o‘quvchilar ovqatdan zaharlangani haqida xabar tarqaldi.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, maktab-internat yotoqxonasiga 120 nafar o‘quvchi joylashgan bo‘lib, shundan 32 nafarida 2024 yil 18 yanvar kuni soat 22:00-24:00 oralig‘ida sog‘lig‘i bilan bog‘liq ko‘ngil aynishi, oshqozonda va qorinda og‘riqlar kuzatilgan.
Mazkur holat bo‘yicha maktab-internat hamshirasi birinchi yordam ko‘rsatgan, qo‘shimcha yordam uchun tez yordam xodimlarining ko‘rsatmasiga ko‘ra tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.
Joriy yilning 19 yanvar kuni Sariosiyo tuman Sanitariya va epidimiologiya osoyishtalik markazi tomonidan maktab-internat oshxonasining sanitariya holati to‘liq o‘rganilib, 18 yanvar kuni o‘quvchilarga berilgan nonushta, tushlik va kechki ovqat namunalari tahlil uchun olingan.
Hozirda barcha o‘quvchilarning sog‘ligi yaxshi. Vaziyat IIB, SES hamda taʼlim muassasalari agentligi tomonidan nazoratga olingan.


