Surxondaryo viloyati Termiz shahrida noqonuniy diniy taʼlim berish bilan shug‘ullangan 27 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi.
Maʼlum qilinishicha, yigit 2024 yilning 2 iyulidan boshlab Telegram‘da “Qurʼon va hatim” nomli guruh tashkil qilgan. U 300 ming so‘m evaziga 37 kishiga diniy saboq berib kelgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan ushbu diniy mazmundagi materiallar o‘rganib chiqilgan. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasiga ko‘ra, ular hech qanday buzg‘unchilik va aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi, davlat va konstitutsion tizimga qarshi diniy materiallar emasligi aniqlangan.
Biroq yigit Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241 moddasiga asosan diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzgan. U jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahri sudida aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.
Sud hukmi bilan yigitga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.


