Ijtimoiy tarmoqda Surxondaryo viloyati Denov tumanida o‘quvchilar sovuq havoda yupun kiyimda tadbirga jalb qilinganligi aks etgan video tarqalmoqda. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, 2024 yilning 6 dekabr kuni Denov tumani hududidan o‘tgan avtomobil yo‘li bilan bog‘lovchi temir yo‘l ustidan o‘tgan ko‘prik foydalanishga topshirilgan. Ko‘prikning ochilish marosimiga sovuq ob-havoda 14- va 16-sonli musiqa maktablarining o‘quvchilari tumanning Madaniyat boshqarmasi topshirig‘iga ko‘ra yengil bayramona kiyimlarni kiygan holda jalb qilingan.
Ushbu holat yuzasidan Bolalar ombudsmani O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga bolalarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘ygan masʼullarga tegishli chora ko‘rish va bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taqdimnoma kiritgan.
Taqdimnoma O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan o‘rganib chiqilib, bolalarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘yilganligi yuzasidan hududning tegishli mansabdor shaxslariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.


