Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida Davlat bojxona qo‘mitasi nomidan soxta sahifa va guruhlar tashkil etib, firibgarlik bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda quyi bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Telegram va Instagram’da “Musodara tovarlar” hamda “Optom sklad” nomlari ostida soxta kanal va guruhlar ochib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh fosh etilgan.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Andijon viloyatida yashovchi 22–25 yoshdagi 5 nafar shaxs joriy yil boshida oldindan jinoiy til biriktirib, bojxona tizimi nomidan ijtimoiy tarmoqlarda soxta guruhlar tashkil qilgan. Ular “Bojxona qo‘mitasi admini”, “Ishonch siz bilan” kabi o‘nga yaqin yolg‘on akkauntlardan foydalanib, o‘zlarini tizim xodimlari sifatida tanishtirgan.
Mazkur guruhlarda maishiy texnika, muzlatkich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan iPhone’ning so‘nggi modellari, kiyim-kechaklar hamda aslida mavjud bo‘lmagan motoskuterlargacha juda arzon narxlarda taklif etilgan. To‘lovlar esa o‘zgalarning nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari orqali qabul qilingan.
Natijada jinoiy guruh a’zolari jami 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan 117 million so‘m pul mablag‘ini qo‘lga kiritgan. Mahsulotni talab qilgan yoki murojaat qilgan jabrlanuvchilar bilan aloqa uzilib, ular ijtimoiy tarmoqlarda “qora ro‘yxat”ga kiritilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda hamda fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash choralari ko‘rilmoqda.


