"Tolibon" harakati BMT muassasalarida ishlayotgan afg‘on ayollariga Afg‘oniston hududida ishlashni taqiqladi. BMT vakillari vaziyatga oydinlik kiritish uchun Kobulda rasmiylar bilan uchrashmoqchi, deya xabar berdi DW agentligi.
«Turli kanallar bizga bu taqiq butun mamlakat hududiga taalluqli ekanligini maʼlum qilishdi», — dedi BMT Bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik.
Dyujarrik bu taqiqni «bemaʼni va asossiz» deb atadi va bu gumanitar tashkilotlarning muhtojlarga yordam berish qobiliyatiga putur yetkazishi mumkinligini aytdi.
Avvalroq afg‘on ayollari mehnatiga qo‘yilgan taqiq faqat sharqiy Nangarhor provinsiyasiga taalluqli ekani xabar qilingandi.
BMT vakillari vaziyatni baholash uchun chorshanba kuni Kobulda rasmiylar bilan uchrashish niyatida.
2022 yil dekabr oyida "Tolibon" ayollarga nodavlat tashkilotlarda ishlashni taqiqladi. Katta xalqaro norozilikdan so‘ng, sog‘liqni saqlash sohasida taqiq yengillashtirildi.
Biroq bu cheklov BMT agentliklariga nisbatan qo‘llanilmagan.
2021 yil avgust oyida hokimiyat tepasiga kelgan "Tolibon" Afg‘onistonda ayollarga nisbatan bir qator kamsituvchi cheklovlar qo‘ygan.
Bundan tashqari, musiqa, ijtimoiy tarmoqlar va video o‘yinlar ham qonundan tashqari deb topildi.


