1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Tolimarjon IESda 1065 MVt quvvatli yirik energetika loyihasi ishga tushirildi

Bug‘-gaz qurilmasi yiliga 8 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va 300 million kub metr gazni tejaydi.

Tolimarjon IESda 1065 MVt quvvatli yirik energetika loyihasi ishga tushirildi

Bugun Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida tantanali marosim o‘tkazildi. Unda Tolimarjon IESda zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan 1065 MVt quvvatli bug‘-gaz qurilmasi rasman ishga tushirilishi eʼlon qilindi va navbatdagi yirik energetika loyihalariga start berildi. Loyiha qiymati 944,87 million AQSH dollarini tashkil etadi va mamlakat energetika tizimida muhim qadam hisoblanadi.

 

Qurilish ishlari 2023 yilda boshlangan bo‘lib, Ispaniyaning Intesa Ingenieria Industrial S.A., Yaponiyaning Mitsubishi Corporation va Turkiyaning Çalık Energy kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Loyihaning moliyalashtirilishi Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari orqali taʼminlangan.

 

 

Yangi bug‘-gaz qurilmalari yillik 8 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va energotejamkor texnologiyalar qo‘llanilishi natijasida yillik 300 million kub metr tabiiy gaz tejalishi taʼminlanadi. Loyiha Samarqand va Buxoro viloyatlari isteʼmolchilari hamda Qarshi magistral kanalidagi nasos stansiyalariga barqaror elektr taʼminoti taqdim etadi.

 

Qurilmaning ishga tushirilishi natijasida 200–250 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratildi. Uskunalar Yaponiya, Koreya, Xitoy va AQSHda ishlab chiqarilgan bo‘lib, to‘liq avtomatlashtirilgan boshqaruv va yuqori darajadagi energotejamkorlikka ega. Gaz turbinalarining har biri 385 MVt, bug‘ turbinasi esa 185,7 MVt quvvatga ega bo‘lib, ishlab chiqarilgan energiyani yagona milliy energotizimga uzatish uchun 500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmalari ham barpo etildi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика