Joriy yilning 21-iyun kuni “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–290) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining rasmiy telegram sahifasida xabar berildi.
Qarorga ko‘ra, 2023-yildan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.
2024-2025-o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida Universitetning pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga qabul jarayonlari ikki bosqichda – dastlabki imtihon va kirish test sinovlari orqali amalga oshiriladi.
Bunda dastlabki imtihon va kirish test sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi. Dastlabki imtihon doirasida abituriyentlarning pedagogik kasbga moyilligi o‘rganiladi. Kirish test sinovlarida qatnashishga faqat dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlarga ruxsat etiladi.
2024-yil 1-yanvarga qadar universitet faoliyatida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimini to‘liq joriy etiladi. Universitetning ilmiy jurnalini Scopus, Web of Science yoki boshqa xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritiladi.


