Sudyalar oliy kengashi Toshkent viloyat sudining sudyasi ishtirokidagi dabdabali to‘y haqidagi xabarlar bo‘yicha xizmat tekshiruvini o‘tkazdi. Natijada, tarqalgan videoda aks etgan tadbir sudyaning uyida emas, balki uning qarindoshinikida bo‘lib o‘tgani aniqlandi.
Kengashning ma’lum qilishicha, videoda sudyaning voyaga yetmagan farzandi deb ko‘rsatilgan bola aslida sudyaga tegishli emas. Shuningdek, sudya oila a’zolari bilan ko‘p qavatli uyda istiqomat qilishi, eng kichik farzandi esa 22 yoshda ekani qayd etildi.
Tekshiruv jarayonida sudya xizmatdan tashqari vaqtda qarindoshinikidagi tadbirda bo‘lganligi tasdiqlandi. Shu sababli uning xatti-harakati Sudyalar odobi kodeksi talablariga zid yoki zid emasligini baholash uchun materiallar Sudyalar odob komissiyasiga yuborildi.
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati ushbu masala bo‘yicha yakuniy xulosa komissiya tomonidan chiqarilishini bildirdi.


