Toshkent shahrining Uchtepa tumanida bankomatni o‘marmoqchi bo‘lgan yigitlar ushlandi. Bu haqida shahar IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 3 avgust kuni soat 23.50 larda Uchtepa tumani IIO FMB navbatchilik qismiga tumandagi “Xurshid” mahalla fuqarolar yig‘ini Beshqayrag‘och ko‘chasiga o‘rnatilgan Paynet bankomatini o‘g‘irlashga urinish bo‘lganligi haqida xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga tezkor-qidiruv xodimlari zudlik bilan yetib borishgan va uch nafar gumonlanuvchi: A.Shahzod, T.Farrux, Z.Zabixullalar ushlangan. Maʼlum bo‘lishicha, yigitlar yuzlarini yashirish uchun bosh kiyimlar qiyib, kulrang Tracker avtomashinasining davlat raqamlarini yechib olgan holda harakatlanishgan.
Voqea joyida bankomatni ko‘tarib mashina yukxonasiga joylashtirishga uringanda uni og‘irligidan tushirib yuborishadi. Bankomat ovozi fuqarolarning eʼtiborini tortganidan shubhalanib, ular shikast yetgan bankomatni tashlab voqea joyidan qochib ketishgan.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-modda orqali 169-moddasi (O‘g‘irlik qilishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


