“Chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun to‘lov intizomini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Qonun (2025-yil 7-mart, 1044-son) doirasida Toshkent shahrida qarzdor iste'molchilarga nisbatan belgilangan tartib amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Qonunga muvofiq, har oyning 3-sanasi holatiga ko‘ra chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Toza makon” billing tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi. Shundan so‘ng qarzdorlarga ogohlantirish SMS xabarnomasi yuboriladi.
Joriy yil 5-noyabr kuni Toshkent shahrida chiqindi xizmatlari uchun jami 2,239 mlrd so‘m debitor qarzdorlik yuzasidan 25 121 nafar abonentga “2100” qisqa raqami orqali SMS ogohlantirish yuborildi.
Ogohlantirishdan so‘ng 5 kun mobaynida qarzdorlikni bartaraf etmagan 6 ming nafar abonentga bugundan boshlab elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirish imkoniyatiga vaqtincha cheklov qo‘llandi.
Hozirda poytaxt bo‘yicha chiqindi xizmatlaridan 582 mln so‘mdan ortiq qarzdorlik mavjud. Qarzdorlik to‘liq to‘langach, cheklov darhol bekor qilinadi.
Ma’lumot uchun, mazkur tartib 2025-yil 30-iyungacha shakllangan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. 2025-yil 1-iyuldan boshlab yuzaga kelgan qarzdorliklar bo‘yicha qo‘llaniladi. Chiqindi to‘lovlarini hisoblashda aniqlik va haqqoniylik uchun sanitar tozalash xizmatlari mas’uldir.
Ushbu tartib joriy yilning dekabr oyidan boshlab respublikaning barcha hududlarida ham amaliyotga joriy etiladi.


