Bugun, 16 dekabr kuni Toshkent shahrining Yangixayot tumanidagi zavodlardan birida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan 421 500 kuti tamaki mahsulotlari yo‘q qilindi. Bu haqida jarayonda ishtirok etgan Zamon.uz muxbiri xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, mazkur tadbir uch yildan beri anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan yo‘q qilish tadbirlari doirasiga kiradi va huquqbuzarliklarni oldini olish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu yo‘q qilish tadbirida Bojxona qo‘mitasining tezkor tuzilmalari tomonidan 6 ta holatda aniqlangan huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan mahsulotlar jamlandi. Shuningdek, bugungi kunda Bojxona qo‘mitasining “Bojxona-servis omborlarida” 450 ming qutiga yaqin tamaki mahsulotlari saqlanayotgan bo‘lib, sud qarori qabul qilingach, ular ham belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.
Maydalash yo‘li bilan yo‘q qilingan ushbu tamaki mahsulotlari quyidagilarga ko‘ra kontrafakt va sifatsiz hisoblanadi:
Birinchidan: “Alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqalishi hamda isteʼmol qilinishi va isteʼmol qilinishi cheklash to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilgan bo‘lib, tamaki mahsulotining qutisida tibbiy ogohlantirish, yaʼni tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning inson sog‘lig‘iga salbiy taʼsiri to‘g‘risidagi axborotlar mavjud emas.
Ikkinchidan: Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, respublika hududida barcha tamaki mahsulotlari maxsus kod bilan markirovkalanishi belgilangan bo‘lsada, ushbu tamaki mahsulotlari markirovkalanmagan.
Uchinchidan: Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, aksiz solig‘i yig‘imining to‘liqligi ustidan davlat nazoratini o‘rnatish, shuningdek noqonuniy ishlab chiqarishning va respublika hududiga keltirishning oldini olish maqsadida O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va uning hududiga chetdan keltiriladigan tamaki mahsulotlari majburiy ravishda aksiz markalari bilan markalanishi lozim. Biroq, ushbu holatda tamaki mahsulotlarida aksiz markalari mavjud emas.
Har gal tamaki mahsulotlari yoqish usuli bilan yo‘q qilinadi. Bu galgi yo‘q qilish tadbirida esa ekologiya va atrof-muhitga zararli taʼsirining oldini olish maqsadida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan va sud qarori asosida yo‘q qilinishi belgilangan tamaki mahsulotlari maydalash yo‘li bilan yo‘q qilinishi belgilandi.
Shuningdek, tadbirdan so‘ng jurnalistlar va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil qilindi. Anjumanda Bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari, Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i va boshqa tegishli idora vakillari tamaki mahsulotlari noqonuniy muomalasiga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil axborot berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2025-yilda qiymati 28 milliard so‘mga teng, 1 million 397 ming kutti tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq 681 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan.


