Toshkent shahrida ayolni himoya qilishga uringan erkakka og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yil mart oyida, soat 02:30 atrofida poytaxtdagi restoranlardan birida sodir bo‘lgan. Mojaro chog‘ida ayolni himoya qilmoqchi bo‘lgan erkak og‘ir jarohat olib, hushini yo‘qotgan. Shifokorlar unga 5 soat davom etgan jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, keyinchalik sun’iy komaga tushirishgan.
Sud tergovlari davomida 1995-yilda tug‘ilgan A.Sh.ning qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish, firibgarlik va bezorilik jinoyatlarini sodir etgani aniqlangan.
Sud hukmiga ko‘ra, A.Sh. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” bandi, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 277-moddasi 3-qismi “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
U Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan bir necha jinoyat sodir etganlik uchun 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Hukmga ko‘ra, u jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.
Sud hukmi ustidan taraflar belgilangan tartibda apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati kiritish huquqiga ega.


