Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi inson aʼzolari oldi-sotdisida ayblanib, jinoiy jazoga tortildi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 2003 yilda tug‘ilgan B.A. mo‘may daromad orttirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga inson aʼzolarini sotib olishi haqida eʼlon joylashtirgan. U tarqatgan eʼlonlarida buyrakni 38 ming, jigarni 43 ming hamda suyak iligini 23 ming dollarga olishini bildirgan.
Ushbu eʼlondan so‘ng unga aʼzolarini sotmoqchi bo‘lganlar aloqaga chiqa boshlagan. Jumladan, fuqaro J.R. u bilan muloqotga kirishgan. B.A. unga bitta buyragini 38 ming dollarga sotib olishini aytgan.
“Sheriklarim Germaniyada. Buyrakni ko‘chirib o‘tkazish o‘sha yerda amalga oshiriladi. Buning uchun Germaniyaga borishingiz kerak. Safar uchun oldindan 350 dollar berishingiz kerak”, degan talaba fuqaroga.
B.A. 2024 yil 26 aprel kuni Shayxontohur tumani hududida J.R.dan kelishilgan pulni olgan vaqtida huquqni muhoqaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan. Unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Sud hukmi bilan B.A. Jinoyat kodeksi 25- (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 133-1-moddasi 1-qismida (inson aʼzolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.


