Toshkent shahrida qish mavsumida issiqlik, ichimlik suvi, gaz va elektr ta’minotining uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida maxsus ishchi guruh tashkil etildi. Mazkur shtab 24 soat davomida faoliyat yuritib, aholining murojaatlari va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlariga tezkor javob berishi belgilangan.
Shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, ishchi guruh iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy obyektlar va ko‘p qavatli uy-joy fondining 2025/2026 yilgi qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonini monitoring qiladi. Shuningdek, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi yetkazib berishdagi uzilishlarning oldini olish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Yuzaga keladigan nosozliklar yoki ta’minotdagi uzilishlar bo‘yicha aholining murojaatlari tezkor tartibda ko‘rib chiqiladi va muammolarni hal etish mexanizmlari ishga tushiriladi. Ishchi guruh tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda joylarga chiqib, ta’minot tizimlaridagi nosozliklarni bartaraf etadi.


