Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahriga yangi olib kelingan avtobuslarga haydovchilarni biriktirish uchun 150-200 AQSH dollalari miqdorida pul talab qilinayotgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» AJ munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, yangi xarid qilingan YUTONG va KING LONG rusumli yo‘lovchi tashuvchi avtobuslarni haydovchilarga biriktirish bo‘yicha maxsus buyruq qabul qilingan. Unga ko‘ra, haydovchilarni ishga qabul qilish hamda ularni avtobus va elektrobuslarga biriktirish bo‘yicha nizom tasdiqlangan. Nizom asosida Avtobus saroyi filiallarining har birida Ichki ishlar xodimi, Harakat xavfsizligi boshqarmasi xodimi, bosh muhandis, taʼmirlash ustaxonasi boshlig‘i va tasarruf bo‘limi xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh aʼzolari tomonidan haydovchilarni yangi avtobus va elektrobuslarga biriktirishda ochiq suhbat o‘tkazilib, shaffoflik va halollik prinsiplariga tayangan holda suhbat jarayonlari onlayn video tasvirga oluvchi moslamada tasvirga olib borilmoqda.
Bunda haydovchilarni bir nechta ustuvor tamoyillar asosida avtobuslarga biriktirish belgilangan. Haydovchining so‘nggi uch yil mobaynida sodir etgan qoidabuzarliklari va yo‘l-transport hodisalari, muqaddam boshqargan transport vositalarining taʼmirlash ishlarida faolligi hamda yo‘lovchilarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan yoki yo‘qligi inobatga olingan holda eng yaxshi va yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan haydovchilar yangi xarid qilinayotgan avtobuslarga biriktirilmoqda.


