Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat stomatologiya instituti talabalari majburan harbiy harakatlar hududiga o‘qishga yuborilayotgani haqida xabar tarqalgandi. Holat yuzasidan Toshkent davlat tibbiyot universiteti rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, videodagi barcha talabalar hamkorlikdagi qo‘shma taʼlim dasturiga o‘qishga qabul qilingan. Bu dasturga ko‘ra, ular o‘z o‘qishlarini xorijdagi hamkor oliy taʼlim muassasasida davom ettirishlari shart hisoblanadi. Har bir talabalar bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, unga muvofiq ular 4- va 5-kursni Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida joylashgan Privoljsk tibbiyot tadqiqot universitetida o‘qib tugatish majburiyatini olganlar.
Hozirda PIMU O‘zbekistonning 5 ta oliy o‘quv yurti bilan 12 ta hamkorlikdagi dasturni amalga oshirmoqda. Ushbu dasturlar doirasida bugungi kunda 400 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi PIMU bazasida kunduzgi shaklda o‘qimoqda.
“Ushbu qo‘shma taʼlim dasturlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari yengillashtirilgan holda amalga oshirilganligi, talabalarni o‘qishini Qozog‘iston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalariga ko‘chirish haqidagi turli maʼlumotlar asosga ega emasligini taʼkidlab o‘tamiz”, deyiladi munosabatda.
Taʼkidlanishicha, Nijniy Novgorod shahri haqida “harbiy holat eʼlon qilingan hudud” degan maʼlumot asossizdir. Rossiya Federatsiyasining mazkur hududida rasmiy tartibda harbiy holat eʼlon qilinmagan. Ushbu shahar universitet bilan ilmiy va taʼlimiy hamkorlik qilayotgan sherik oliy taʼlim muassasalari joylashgan hudud hisoblanadi.
“11 avgust kuni Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Sh.Boymuradov ushbu qo‘shma taʼlim dasturida tahsil olayotgan har bir talaba va ularning ota-onalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida talabalarni hamkor «PIMU»da o‘qishni davom ettirish uchun jo‘nab ketishi, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar va talabalar turar joyi bilan taʼminlash bo‘yicha batafsil maʼlumotlar berildi. Dastur ishtirokchilarining asosiy qismi PIMUda taʼlimni davom ettirish istagini bildirib, ulardan aksariyati jo‘nab ketishga tayyor ekanligini bildirdi. Faqat ayrim talabalar shartnoma shartlarini buzgan va ataylab yolg‘on maʼlumotlarga tayangan holda, Toshkentda qolishga harakat qilmoqda”, deyiladi rasmiy izohda.
Mazkur yolg‘on axborotni tarqatayotgan shaxslar ataylab faktlarni buzgan, jamoatchilikni chalg‘itgan hamda universitet rahbariyati va jamoasini obro‘sizlantirishga uringan.


