Donald Tramp maʼmuriyati Amerika fuqarolari noqonuniy hibsga olinayotgan davlatlar roʻyxatini shakllantirishni nazarda tutuvchi ijro farmoni ustida ishlayotgani maʼlum qilindi. Bu haqda CBS News xabar berdi.
Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi — AQSh fuqarolarining xavfli mamlakatlarga sayohatini kamaytirish va mazkur davlatlar rahbariyatini noqonuniy hibsda saqlanayotgan amerikaliklarni ozod qilishga majbur qilishdir.
Koʻrib chiqilayotgan maqom “terrorizmga homiylik qiluvchi davlat” maqomiga oʻxshash boʻlib, AQSh Davlat departamentiga bunday mamlakatlarga nisbatan sanksiyalar qoʻllash va Amerika pasportlari orqali u yerlarga kirishni cheklash imkonini beradi.
Hozirda Davlat departamenti xorijiy safarlar uchun toʻrtta xavf darajasini belgilaydi. Eng yuqori darajaga Rossiya kiritilgan boʻlib, “sayohat qilmang” kategoriyasi ostida turibdi. Bu roʻyxatga, shuningdek, Eron, Afgʻoniston, Venesuela va Shimoliy Koreya kabi mamlakatlar ham kiradi.
Foley Foundation maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda kamida 54 nafar AQSh fuqarosi 17 ta mamlakatda noqonuniy ravishda hibsga olingan yoki garovga olingan.
Soʻnggi yillarda Rossiyada amerikaliklarning bir necha bor hibsga olinishi xalqaro rezonans uygʻotgan. Jumladan, dengizchi Pol Uilan va jurnalist Evan Gershkovich uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilinib, 2024-yil avgustida mahbuslar almashinuvi orqali ozod etilgan. Shuningdek, basketbolchi Britni Griner 2022-yilda nasha moyi olib kirishda ayblanib to‘qqiz yilga qamalgan va keyinchalik Rossiyada qamalgan Viktor Butga almashtirilgan. Hozirda ham bir nechta amerikalik Rossiya qamoqxonalarida saqlanmoqda.


