AQSh prezidenti Donald Tramp bugun Buyuk Britaniya bilan savdo bitimi tuzilishi haqida e’lon qilishi kutilmoqda. Bu haqda The New York Times gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Bu bitim AQSh bojxona tariflarini joriy qilganidan keyingi ilk savdo shartnomasi bo‘lishi mumkin. Hozircha AQSh va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi kelishuv tafsilotlari oshkor etilmagan. NYT manbalarining aytishicha, dastlab tomonlar ramkaviy kelishuvni taqdim etadi, so‘ngra hujjatning yakuniy shartlari ustida ish davom ettiriladi.
Shuningdek, xabarda aytilishicha, Qo‘shma Shtatlar Isroil va Hindiston bilan ham savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda nihoyasiga yetmoqda. Vetnam, Janubiy Koreya va Yaponiya bilan esa muzokaralar davom etmoqda.
Tramp avvalroq payshanba kuni yirik matbuot anjumani o‘tkazilishini bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu anjuman "katta va nufuzli mamlakat vakillari bilan tuzilgan muhim savdo bitimi"ga bag‘ishlanadi. Biroq prezident bitim aynan qaysi davlat bilan imzolangani bo‘yicha aniqlik kiritmagan.


