Turkiyaning Izmir shahrida suv tanqisligi jiddiy muammoga aylandi. Cumhuriyet gazetasi mahalliy rasmiylarga tayanib xabar berishicha, shaharning asosiy ichimlik suvi manbai bo‘lgan Taxtali to‘g‘onidagi suv sathi 10 foizgacha pasaygan.
Ushbu holatga iqlim o‘zgarishi, yog‘ingarchilik miqdorining beqarorligi hamda aholi sonining ortishi sabab bo‘lmoqda. Yoz mavsumida esa suv iste’molining keskin ortishi – ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, turizm, chorvachilik va yashil maydonlarni sug‘orish ehtiyojlari bilan bog‘liq yuklama tizimga bosimni oshirmoqda.
Turkiya Statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Izmirda yashovchi bir fuqaro kuniga o‘rtacha 210 litr suv iste’mol qiladi. Mutaxassislar shahar aholisini va tashkilotlarini suvdan tejamkorlik bilan foydalanishga chaqirmoqda.
Suv resurslarini saqlab qolish maqsadida Izmir hokimligi tomonidan bir qator favqulodda choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, korporativ sektorda suv sarfini 30 foizga kamaytirish ishlari olib borilmoqda, istirohat bog‘lariga avtomatik sug‘orish tizimlari joriy etildi, favvoralar vaqtincha to‘xtatildi va sug‘orish ishlari tungi vaqtlarga ko‘chirildi.
Mutasaddilar vaziyatni nazoratda saqlashga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha aholining faolligi muhim omil sifatida ta’kidlanmoqda.


