
Vaqt o‘tishi bilan «Xiva bobo» qisman o‘zgarib, “Xiba bobo” shaklida talaffuz etila boshlangan. Ushbu shaharning bugungi aholisining asosiy qismi o‘zlarini Xiba bobo va uning sakkiz birodari avlodlari deb biladi.
O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida «Xiva shahri — turkiy dunyo madaniy poytaxti» dasturi doirasida Turkiyaning Nevshehir viloyati hududida joylashgan O‘rtahisor (Kapadokiya) shaharchasida «Xiva bobo» yodgorligi o‘rnatildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi, “Turksoy” xalqaro tashkiloti hamda O‘rtahisor hokimiyati hamkorligida shaharchada «Xiva bobo» yodgorligining ochilish marosimi o‘tkazildi.
O‘rtahisar hokimi Mustafa Atesh yodgorlikning bunyod etilishidan asosiy maqsad so‘nggi besh yilda jadallik bilan taraqqiy etib borayotgan O‘zbekiston — Turkiya munosabatlariga kamtarona hissa qo‘shish ekanini bildirdi.
— Biz o‘rtahisorliklarning ota yurtimiz O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri - Xiva bilan alohida bog‘liqligimiz mavjud, — dedi u.
— Qariyb ming yil oldin Xiva bobo Xorazmdan kelib, bizga go‘zal vatan barpo etgan. Bizlar Xiva boboning farzandlarimiz. Binobarin, bugungi yodgorlik bizning o‘zligimizning timsolidir.

Turk haykaltaroshi Ensar Shahin tomonidan yaratilgan ushbu yodgorlikning old tomonida Xiva boboning timsoli joy olgan. Asarning o‘ng va chap tomonlarida esa ramziy eshiklar ishlangan bo‘lib, ular O‘rtahisorga kirish yo‘li Xiva bobo tomonidan ochib berilganiga ishora qiladi. Yodgorlikda Xorazm vohasiga xos bo‘lgan va O‘rtahisordagi qadimgi osori atiqalarda ham saqlanib qolgan naqshlarga ham o‘rin berilgan.


