Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, 7-mayga o‘tar kechasi Ukraina tomonidan uchirilgan dronlar Mordoviya, Tula va Yaroslavl viloyatlari, shuningdek, Moskvaga yo‘naltirilgan.
Moskva meri Sergey Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, soat tungi 00:00 dan boshlab havo hujumidan mudofaa kuchlari 9 ta dronni yo‘q qilgan. Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan. Ayrim manbalarga ko‘ra, hujumlar Kubinka harbiy aerodromi — qiruvchi samolyotlar joylashgan hududni nishonga olgan.
Tula viloyati gubernatori Dmitriy Milyaev esa viloyatga 5 ta dron hujumi uyushtirilganini bildirdi. Ukraina manbalariga ko‘ra, hujumlar “Splav” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi — “Grad”, “Smerch” va “Uragan” raketa tizimlari ishlab chiqariladigan korxonaga yo‘naltirilgan.
Mordoviyada ham dron hujumi qayd etilgan. Saransk shahri rasmiylari 7-may kuni maktab, bog‘chalar, kollej va OTMlarda darslar bekor qilinganini ma’lum qildi. Hudud rahbari Artyom Zdunov aholiga ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni tavsiya qilgan. Tezkor shtab esa dron hujumlarining oqibatlarini suratga olish va tarqatishni taqiqlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlar “Saranskabel” va “Saranskabel-Optika” zavodlariga yo‘naltirilgan.


