Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) anneksiya qilingan Qrimda Rossiyaga tegishli ikki Be-12 “Chayka” amfibiya samolyoti yo‘q qilinganini maʼlum qildi. Shuningdek, ko‘p maqsadli Mi-8 vertolyotiga ham zarba berilgan. Vazirlikka ko‘ra, bu Be-12 samolyotining tarixda birinchi marta yo‘q qilinishi hisoblanadi.
Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksyonovning aytishicha, dronlar hujumi yarim orolning janubiy sohilidagi “Foros” sanatoriysiga to‘g‘ri kelgan. Hodisa natijasida uch kishi halok bo‘ldi, taxminan 15 kishi jarohat oldi. Foros qishlog‘idagi maktab va sanatoriy hududidagi bir nechta obyektlar shikastlangani aytilmoqda.
Telegram‘dagi “Krimskiy veter” kanali hujum paytida sanatoriyda “juda muhim mehmonlar” bo‘lganini xabar qildi, ammo ularning shaxsi ochiqlanmadi. “Krim.Realii” nashrining yozishicha, Foros-Yalta hududida Rossiya siyosiy elitasi tashrif buyuradigan davlat dachalari joylashgan, ulardan ikkitasi prezident Vladimir Putin uchun xizmat qiladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa o‘tgan tun davomida Rossiya hududi va Qrim ustida 114 ta dron yo‘q qilinganini maʼlum qildi.


