
“Avtomobilga 10 dan ortiq o‘q tekkan. O‘q “Kalashnikov” avtomatidan otilgan. Shefir ishga ketayotganda, o‘rmon tarafdan o‘q uzilgan”, — degan Ukraina ichki ishlar vazirligidagi manba. Shefirga hech narsa qilmagan, ammo haydovchiga uchta o‘q tekkan. IIV maʼlumotlariga ko‘ra, uning ahvoli og‘ir.
Xabarda aytilishicha, suiqasd 22-sentyabr kuni Kiyev viloyatining Lesniki tumanida sodir etilgan. Hozirda ikki yoki undan ortiq shaxsga suiqasd qilish yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Prezident ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning fikricha, ushbu hodisa hukumatning oligarxlarga qarshi kurashi ortidan yuz bergan bo‘lishi mumkin.
Ukraina parlamentidagi hukmron partiya “Слуга народa” (Zelenskiy partiyasi) fraksiyasi rahbari David Araxamiya suiqasdning uch ssenariysini aytib o‘tdi.
Birinchi taxminga ko‘ra, suiqasd jinoyatchilar olami tomonidan tashkillashtirilgan. Ikkinchi variantga ko‘ra, bu Rossiya maxsus xizmatlarining ishi bo‘lishi mumkin. Mamlakat moliya-sanoat doiralari o‘rtasidagi o‘zaro kurash uchinchi taxmin sifatida ko‘rilmoqda. Arxamiya suiqasdni bevosita Prezidentga qilingan murojaat sifatida baholadi. Chunki “Shefir – diplomat, u istalgan kishi bilan til topishadi. Bu Prezidentga qilingan murojaatdan boshqa narsa emas”, — degan parlament aʼzosi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu hodisa ortida kim turganini bilmasligini aytgan. Shuningdek, u BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishidan keyin darhol Kiyevga qaytishini maʼlum qildi. Zelenskiy suiqasdga qarshi qatʼiy javob berishini taʼkidladi.


