Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning NATOga a’zoligi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmaydi va alyansning mavjud tartib-qoidalariga sodiq qoladi. Bu haqda AQSH davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.
“NATO va Ukrainaga kelsak, bizning pozitsiyamiz aniq bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Biz NATOning “ochiq eshiklar” siyosatini va bunga intilayotgan mamlakatlarning NATOga jalb etilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz”,— dedi u matbuot anjumanida.
“Buning uchun tartib bor va davlatlar bu tartibga amal qilishda davom etadilar”, — deb qo‘shimcha qildi Blinken.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Ukrainani tezlashtirilgan tartibda NATOga a’zo bo‘lishni so‘ragan edi.


