Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi kunlari viloyatning 5 gektarlik hududida tashkilotning 80 bag‘ishlab yashil bog‘lar barpo etilmoqda. Bu haqida tadbirda ishtirok etayotgan Zamon.uz muxbiri xabar berdi.
Bugun, 31 oktyabr kuni Samarqanddagi “Boqiy shahar” majmuasi hududida 1,2 gektar maydonda 564 tup daraxt va butalar ekildi. Ular orasida qayrag‘och, katalpa, yapon saforasi, eman, sharqiy chinor, ot kashtani, lola daraxti, forzitsiya, lavanda, tuya, shuningdek akatsiya, tol, xurmo va olma daraxtlari bor.
Yashil bog‘ shunchaki ko‘kalamzor emas, balki haqiqiy ekologik innovatsiyalar markaziga aylanadi. Bu yerda suv sarfini kamaytiruvchi tomchilatib sug‘orish tizimlari, energiya tejovchi quyosh panellari va nasoslar, yomg‘ir suvini yig‘ib, qayta foydalanish tizimlari, chiqindilarni kompost qilish va tuproqni boyitish joylari, mahalliy tabiiy materiallardan yasalgan yo‘laklar va o‘rindiqlar joriy etiladi.
Soyali yashil hududlar barpo etilishi natijasida shahar muhitida harorat pasayadi va “issiqlik oroli” effekti kamayadi.
Yashil bog‘ “Silk Road Samarkand” turistik markazi va Qorasuv massivi hududida, Zarafshon daryosiga yaqin joyda joylashadi. Madaniy markazga yaqinligi sababli bu joy dam olish, maʼrifat va xalqaro do‘stlik ramzi sifatida xizmat qiladi.
Loyiha konsepsiyasi Amir Temur bog‘lari falsafasiga asoslanadi — ular o‘tmish, hozirgi va kelajakni ramziy tarzda birlashtirgan. “Yashil bog‘” Sharqning klassik bog‘ meʼmorchiligi uslubida yaratilib, Sohibqiron Amir Temurning bizgacha yetib kelgan asosiy mashhur 9 ta bog‘iga (“Bog‘i Chinor”, “Bog‘i Behisht”, “Bog‘i Davlatobod”, “Bog‘i Dilkusho”, “Bog‘i Shamol”, “Bog‘i Nav”, “Bog‘i Jahonnamo”, “Bog‘i Maydon”, “Bog‘i Baland”) xos tarzda 9 ta bo‘limga ajratiladi va Sohibqiron bog‘lari xususiyatlarini o‘zida aks ettiradi. Bog‘ bo‘limlarida o‘sha davrga xos tarzda chinor, oq qayin, tut, xurmo, kedr, pavloniya, atirgul butalari, lavanda, magnoliya, lola, tol, akatsiya, fotiniya, zarang, qayrag‘och, sakura, sekvoyya va boshqa daraxt va butalar o‘tqaziladi. Rejaga ko‘ra, UNESSOning 80 yilligiga bag‘ishlangani uchun ramziy maʼnoda 80 mingta daraxt va buta ekiladi. Bu daraxtlar nafaqat estetik muhit yaratadi, balki ekologik muvozanatni ham taʼminlaydi. Bog‘da o‘zbek rassomlari va dizaynerlari tomonidan yaratilgan zamonaviy art-installyatsiyalar ham joylashtiriladi. Loyiha mahalliy hamjamiyatlar va xalqaro hamkorlarni yashil kelajak sari birlashtiradi.
Barqaror kelajak sari tashlangan har bir qadam amaliy ahamiyatga ega. Shu maʼnoda, jahonning turli burchaklaridan ishtirokchilarni birlashtiradigan yirik xalqaro tadbir chog‘ida atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalar miqdorini kamaytirish maqsadida 80 000 daraxt ekish tashabbusi — ekologik masʼuliyat va ilmiy yondashuvning yorqin ifodasidir. Bu daraxtlar nafaqat uglerod izini neytrallashtirishga xizmat qiladi, balki mintaqaning iqlim barqarorligi, havo sifati va bioxilma-xilligini mustahkamlashga ham ulkan hissa qo‘shadi. Tabiat bilan uyg‘unlikda o‘tkazilgan bunday aksiya inson faoliyatining ekologik izini qayta ko‘rib chiqishga chorlab, barqaror taraqqiyot g‘oyasini amalda namoyon etadi.
“Yashil bog‘” loyihasi UNESSO qadriyatlariga mos keladi hamda O‘zbekistonning ekologik yetakchiligini, boy madaniyatini va global ekologik birdamlikni namoyish etadi. Bu tashabbus kelajak avlodlar uchun ochiq, barqaror yashil makonni yaratish sari muhim qadamdir. U Samarqand va butun O‘zbekistonning ekologik hamda madaniy rivojlanishga sodiqligini ifodalovchi tirik timsolga aylanadi.


