Rossiyaning Ukrainaga hujumi davomida Vladimir Zelenskiy butun dunyoni lol qoldirib kelmoqda.
Zelenskiy jahon rekordini ham o‘rnatdi: hech bir prezident fuqarolarga har kuni murojaat qilmagan. Vladimir Zelenskiy bu bilan qariyb 1 yil davomida shug‘ullanib keladi.
Ukraina prezidentining videomurojaatlari urush xronikasiga aylanib qoldi. Ular mamlakat bilan bir qatorda uning prezidenti ham o‘zgarib borganini ko‘rsatadi.
Birinchi video hujumga bir necha soat qolganda, 2022 yil 23 fevralida yozilgan. Unda Zelenskiy o‘z fuqarolaridan tashqari rossiyaliklarga ham murojaat qilib, ularni norozilikka chaqirgan va ogohlantirgan.
“Agar bizga hujum qilinsa, agar bizning hayotimizni, ozodligimizni, bolalarimiz hayotini tortib olishga urinishsa, biz himoyalanamiz. Hujum emas, himoya qilamiz”, — degan u.
Bu Zelenskiyning oxirgi marta soqoli olingan, kostyum va galstuk bilan yozilgan videosi edi.
24 fevraldan beri Vlalimir Zelenskiy va Ukraina hukumati Kiyevda qolib kelmoqda, hatto Rossiya qo‘shinlari Kiyev atrofida bo‘lgan paytda ham ular hech qayerga ketmadi. Bu ko‘pchilikni, jumladan, RF prezidenti Vladimir Putinni hayratga soldi. U Zelenskiy Ukrainaning g‘arbiy hududlari yoki chet elga ketib qolishini kutgandi. Bunday takliflar ham yangragan edi. Ammo Zelenskiy “menga taksi emas, qurollar kerak” deb javob bergan. Aynan shu so‘zlar chegara ortidan xayrixohlik va fuqarolarning jasoratini ko‘tardi.
Hujum boshlanishidan oldin g‘arb maxsus xizmatlari va davlat rahbarlari RF hujumga tayyorlanayotganini aytib ogohlantirganda va elchixonalarini evakuatsiya qilganda Zelenskiy bu xabarlarni tanqid qildi. Keyinchalik u vahimaning oldini olish uchun shunday qilganini aytgan.
“Maxsus operatsiya”ning birinchi kunida Zelenskiy to‘q yashil rangli kurtkada video yozgan, shundan beri harbiy dress-kod uning stiliga aylangan. Butun dunyo uni harbiy kiyim va 3 kunlik soqoli bilan eslab qoldi, u rasmiy uchrashuvlar, gazeta-jurnallarning muqovasidagi rasmlar, intervyularga ham shu obraziga sodiq qolgan holda boradi.
Harbiy davrda Ukraina prezidenti bo‘lgach, u eng yaxshi amallaydigan ishi — kommunikatsiyani tanladi.
Kamera uning eng kuchli quroliga aylandi. U har kuni qisqa videolarda paydo bo‘lib, fuqarolarni ruhlantiradi, to‘g‘ri so‘zlar topib gapiradi.
Bundan tashqari, Zelenskiy tez-tez frontga borib, harbiylar bilan uchrashadi. U sahnalashtirishdan foydalanmaydi, balki urushdan real tasvirlar oladi.
Rossiya harakatlaridan oldin Zelenskiyning reytingi tushib ketgandi, ammo o‘tgan bir yilda keskin oshib, 80-90 foizga yetdi.
Nega raqiblari Zelenskiyga jiddiy qaramagan?
Vladimir Zelenskiy xuddi “Xalq xizmatchisi” (Sluga naroda) filmidagidek siyosiy tajribasiz Ukraina prezidenti bo‘ldi. Prezidentlikka nomzodi qo‘yilishidan oldin Zelenskiy mashhur qiziqchi edi. O‘sha davrda Rossiya prezidenti bo‘lgan Dmitriy Medvedevning Ukrainaga tashrifi chog‘ida u sahanada chiqish qilgan.
RF rahbariyati Zelenskiyga jiddiy qaramaganining ehtimoliy sababi ham shu.
U Rossiya bilan yaxshi aloqada bo‘lib, u yerda daromad topardi, Qrim anneksiyasidan keyin ham Vladimir rus tilida chiqishlarini davom ettirgan. Ayrim ukrainaliklar uni bu uchun kechira olmagan.
Ammo Rossiya hujumi hammasini o‘zgartirdi.


