1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Vatanda “kichik vatanli” bo‘lish saodati

Insonda istaklar ko‘p, orzu-umidlar bisyor. Bir orzu amalga oshgach, boshqasining ro‘yobi uchun haraka tboshlanadi.

Vatanda “kichik vatanli” bo‘lish saodati

Bir umid ushalsa, ortidan yangisi bo‘y ko‘rsatadi. Shunday orzu borki, uning amalga oshishi qalbga halovat va xotirjamlik tuyg‘usini jo etadi. Boy berilgan yillar-u o‘ylarning chandig‘i lahzalar ichida bitadi. Ko‘rilgan qiyinchiliklar o‘rnini farog‘atli damlar egallaydi. Bu vatanda «kichikvatanli» – uyl ibo‘lish baxti.

Bugun mamlakatimizda yangilanishlar davri hukmron. Necha yillardan buyon uysiz sarson jonlar, bu eshikdan unisiga, unisidan boshqasiga ko‘chib, qo‘nim topmagan, ijara uy egasining qovoq-tumshug‘i bilan murosa qilib yashashga majbur oilalar o‘z turar joyiga ega bo‘lmoqda. Xususan, bugun o‘ziga xos qulay infratuzilmasiga ega bo‘lgan Buxorodaning Eski qalʼasida qisqa vaqt ichida qurib, foydalanishga topshirilgan  “Ijtimoiy yotoqxona” so‘zimiz tasdig‘idir. Bu joy bundan bir yil avval qarovsiz va tashlandiq yantoqzor bo‘lgan.Bugun esa bu yerda bir milliard so‘m evaziga qayta mukammal taʼmirdan chiqarilgan uylar qad rostladi. Yotoqxonada uy-joyga ehtiyoji bor oilalar baxtli hayot kechirmoqda.

Ijarada yashash azobi

Taqdirning shafqatsiz zarbalariga duch kelgan Gulnora Rahmatova “tegirmonga tushsa, butun chiqadigan”, har qancha sinovni ayol boshi bilan mardonavor yengib kelayotganlardan. Guldek oilasi va besh nafar qizini tashlab, uzoq o‘lkalarga ishlashga ketib, keyinchalik otalik masʼuliyatini unutgan, erning jabrdiydasiga aylangan ayolga o‘zini o‘nglash, hammasini boshidan boshlash oson bo‘lmagan.

— Uch yil bolalarim bilan ko‘chada, qaysidir uzoq qarindoshimiznikida jon saqlab, taʼna-dashnom bilan kun ko‘rganmiz, —deydi Gulnora Rahmatova. —Ijara azobini aytmasa ham bo‘ladi. Har tong uyg‘onganda bugun uysiz qolmasmikanmiz, degan o‘y menga tinchlik bermasdi. Olti kishilik oilaning kundalik zarurati, ehtiyojlari ham chakana emas.Har gal uysiz qolganimizda bolalarimning mungli ko‘ziga qarashga botinolmasdim. Ularni qiynab qo‘yganim uchun o‘zimni kechirolmay, ko‘z yoshlarimni yashirishga urinardim. O‘z vataningda baxtli yashashning gashti men uchun orzu edi. Bugun mana shu orzularim ushaldi. Nihoyat, biz ham moʻjaz vatanga ega bo‘ldik. Shinam uyga ko‘chib o‘tib, ko‘nglimiz taskin topdi. Bizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan mamnunmiz.

Sharoitimni o‘rgangan mutasaddilar o‘zimni tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga ishga joylashtirishdi. O‘tgan yili fuqarolik pasportini olib, mustaqil hayotga qadam qo‘ygan qizim Nilufarni nomiga 11 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini rasmiylashtirib, 200 bosh tovuq yetkazib berildi.Voyaga yetmagan ikki bolamga yoshga doir nafaqa puli tayindi. Ro‘zg‘orimiz but, yashash tarzimiz avvalgidan ko‘ra ancha yaxshi. Kuni kecha tuman hokimi novvoylikka uquvimiz borligini eshitib, 10 qop un olib berishni vaʼda qilganligi ko‘nglimizni tog‘day ko‘tardi. Bu biz uchun yana bir imkoniyat eshiklarini ochdi. Uyimiz bilan “Qorako‘l dehqon bozori” orasi juda yaqin. Non yopib, bozorga chiqarib sotsak qo‘shimcha daromad daromad olamiz. Shu kunlarda farzandlarim bilan parvarishlayotgan tovuqlarimiz tuxumga kirgan. Bu ham oilamiz “qora qozoni”ni qaynashiga yaxshigina qulaylik.

Ha, ko‘rsatilayotgan bunday eʼtibor va rag‘bat Gulnora Rahmatova singari o‘nlab oilalarni tang ahvoldan chiqishi, hayotini qayta boshlashi uchun katta imkoniyat, xayrli va savob ishdir.

“Ijtimoiy yotoqxona”da hayot avjida

Mashhura Navro‘zova og‘ir musibat sabab boquvchisini yo‘qotganlardan. Oilaviy muammolar girdobida qolgan, ikki norasidasi bilan ijarama-ijara, azob-uqubatda ikki yilni o‘tqazgan. Mutasaddi tashkilot vakillari tashabbusi bilan bugun uning turmushi o‘zgardi. Uy izlash tashvishidan qutuldi.

— Tikuvchilikdan xabarim borligini bilgan mutasaddilar tikuv mashinasi olib berishdi, – deydi u. — Uch oyda tikuv dastgohimiz uchtaga ko‘paydi. Bozor yaqinligi sababli o‘zimiz chiqib, buyurtmachi topib ish yuritishga o‘tdik. Bugunga kelib, tikuv xonamiz torlik qilayotganini ko‘rgan hokimlik vakillari bizga hovlimizdan joy ajratib, yengil konstruksiyali konteyner qo‘yib berdi. Bu yerda ishlashni istagan ayollar esa o‘nga yaqin.

Turmushning sinovlarini sabr ila yengayotgan, uzoq yillar uysiz yashagan, ijara muammolaridan charchagan ayollarni o‘z bag‘riga olgan “Ijtimoiy yotoqxona”da bugun hayot avjida. Bu yerda yashayotgan ayollarning barchasi davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlarida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. To‘yga to‘yona sifatida Mustaqillik bayrami arafasida bu yerga yana 20 nafar uyga muhtoj ayollarni ko‘chirib kelish ko‘zda tutilgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика