Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto mamlakati Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Xalqaro jinoiy sud (XJS)ning hibsga olish orderi asosida qo‘lga olmaydi, deb bayon qildi. Uning ta’kidlashicha, Vengriya ilgari XJS a’zoligidan chiqish qarorini e’lon qilgan va ushbu sud organining huquqiy vakolatlarini tan olmaydi.
Siyartoning so‘zlariga ko‘ra, agar Vladimir Putin AQShning prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish uchun Budapeshtga tashrif buyursa, unga nisbatan hech qanday hibsga olish choralari ko‘rilmaydi. U, shuningdek, Yevropa davlatlarini Putin samolyotining parvoziga to‘siq qo‘ymaslikka chaqirdi.
“Tramp va Putin o‘rtasidagi uchrashuv global tinchlik jarayonlari uchun muhim. Kimki bu tashrifga to‘sqinlik qilsa, u tinchlikni xohlamaydi”, — dedi Siyarto.


