Xitoyda losos baliqlarini yetishtirish uchun mo‘ljallangan dunyodagi ilk suzuvchi baliqchilik kemasi qurilmoqda. Ushbu ulkan kema 2025-yil iyun oyida topshirilishi rejalashtirilgan.
Su Hai №1 nomli kema Guanchjou shahridagi Huangpu Wenchong Shipyard kemasozlik zavodida qurilmoqda. Uzunligi 250 metrga yaqin bu loyiha 600 million yuanga (taxminan 83,6 million AQSH dollariga) tushmoqda. Buyurtmachi — Jiangsu Lianshen Marine Technology kompaniyasiga ko‘ra, kema yiliga 8 000 tonnagacha losos baliqlarini yetishtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Suzuvchi ferma an’anaviy dengiz baliqchilik inshootlaridan farqli ravishda, tayfunlar yoki suvdagi zararli o‘simliklar gullashi holatida xavfsiz hududga ko‘chib o‘ta oladi. Bundan tashqari, baliqlarni qayta ishlash uchun barcha zarur uskunalar kemaning o‘ziga joylashtiriladi.
Bugungi kunda Xitoy losos ehtiyojining 80 foizini import orqali qoplaydi. 2023-yilda mamlakat Norvegiya va Chilidan 100 ming tonnadan ortiq losos import qilgan. Mutaxassislar fikricha, 2030-yilga kelib bu raqam 200 ming tonnaga yetishi mumkin.
Sariq dengizda ish boshlashi kutilayotgan ushbu kema Xitoyning ichki bozor talabini o‘z kuchi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.


