1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Xonobod sudi raisi 10,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

U 30 ming dollar pora olayotganda ushlangan edi.

Xonobod sudi raisi 10,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

 

Oliy sud Plenumining navbatdagi majlisida Bosh prokuror tomonidan kiritilgan taqdimnoma ko‘rib chiqildi. Taqdimnomada jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi raisi Yu.E.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortish, shuningdek, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi bayon qilingan edi. Majlis yakunida mazkur taqdimnomaga rozilik berildi.

 

Taqdimnomaga ko‘ra, sud raisi Yu.E. ilgari boshqa sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatini kamaytirish evaziga, sudlangan shaxsning onasidan 30 000 AQSh dollari miqdorida pul olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan.

 

Oliy sud ta’kidlaydiki, sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurash, tizimni nohalol kadrlardan tozalash va intizomiy nazoratni kuchaytirish borasidagi qat’iy choralar davom ettirilmoqda. Eng avvalo, sudyalar va sud tizimi xodimlari o‘rtasida nojo‘ya xatti-harakatlarning oldini olish, korrupsion holatlar yuzasidan nazoratni kuchaytirish hamda bunday holatlarga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan keskin choralar ko‘rish ustuvor vazifa etib belgilanmoqda.

 

Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2025-yil 17-oktabr kuni e’lon qilingan hukmga ko‘ra, 1974-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Yu.E. yuqoridagi moddalar bilan aybli deb topildi va unga 10,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, u 2,5 yil davomida mansab va sud-huquq tizimidagi lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.

 

Shu bilan birga, birinchi instansiya sudi hukmiga nisbatan taraflar qonunda belgilangan tartibda apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berish hamda protest keltirish huquqiga ega ekanligi ma’lum qilinadi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика