2026 yilda O‘zbekistonda mahalliy yangi parranda zoti paydo bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu loyiha yirik agroparranda klasteri doirasida amalga oshirilmoqda. Mamlakatda 1 million tonna parranda go‘shti yetishtirish rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Samarqanddagi “Navobod naslli parranda” fermer xo‘jaligiga tashrif buyurib, agroparranda klasteri loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. Mazkur xo‘jalik yiliga 17 ming tonna parranda go‘shti va 75 million dona inkubatsion jo‘ja yetishtirish quvvatiga ega. Yangi klaster ishga tushgach, 100 ming bosh naslli ota-ona galasi, 5 million bosh ikkinchi tartibli naslli parranda va 875 million dona tuxum ishlab chiqariladi.
Loyiha doirasida 700 million tonna ozuqa ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, eksport hajmi 180 million AQSH dollariga yetishi kutilayapti. Shuningdek, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ham parrandachilik sohasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Samarqand viloyatida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida jo‘ja yetishtirish loyihasi boshlangan. Bu tizim orqali mahalliy aholining daromadini oshirishga erishish mumkin. Misol uchun, bir oila 40 kun ichida 500 bosh jo‘jani yetishtirib, 9 million so‘mgacha foyda olishi mumkin.


