Tez orada O‘zbekistonda Birlashgan Arab Amirliklari brendi ostida mehmonxonalar ish boshlaydi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi xabar berdi.
Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov Rotana Hotels and Resorts (Rotana mehmonxonalar boshqaruvi) korporatsiyasi direktorlar kengashi aʼzosi Husayn al Novais bilan uchrashdi.
Xorijlik mehmon arab davlatlarida O‘zbekiston bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilayotgan bo‘lsada, bu quyoshli yurtning to‘liq imkoniyatlarini ochib bera olmayotganligini taʼkidladi. Shu boisdan kelajakda bu yo‘nalishda hamkorlik qilish masalasini ilgari surdi.
Madaniyat va turizm vaziri Rotana Hotels and Resorts korporatsiyasi direktorlar kengashi aʼzosi bilan uchrashdi
Ikki tomonlama o‘tkazilgan muloqotlar jarayonida shuyilning oktyabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambliyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda korporatsiyaning ishtiroki va uning doirasida amalga oshiriladigan loyihalar muhokama qilindi.
"Muloqot yakunida Husayn al Novais Rotana korporatsiyasi brendi ostida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida mehmonxonalar boshqaruvi bilan shug‘ullanish yoki investitsiya kiritgan holda yangi mehmonxonalarni ishga tushirish taklifini berdi", deyiladi xabarda.


