Fransiya va AQShlik olimlar yurakning to‘satdan to‘xtash xavfini oldindan aniqlay oladigan sun’iy intellekt tizimini yaratdi.
Yangi tizim elektrokardiogramma (EKG) ma’lumotlarini tahlil qilib, yurakning elektr faolligini simulyatsiya qiladi. Sun’iy intellekt yurak qorinchalarining stimulyatsiya va bo‘shashish vaqtlarini o‘rganib, yurak mushaklaridagi nozik, ammo xavfli o‘zgarishlarni aniqlashga qaratilgan.
“Bizning tizimimiz yuqori aniqlikka ega. U yurak ritmi buzilishi xavfi ostidagi bemorlarning 70 foizini oldindan aniqlay oldi va noto‘g‘ri signal berish ehtimoli atigi 0,1 foiz bo‘ldi”, – deydi Parij yurak-qon tomir tadqiqot markazi kardiologi Loran Fiorina.
An’anaviy diagnostika usullari har yili butun dunyo bo‘ylab 5 milliondan ortiq odam hayotiga zomin bo‘ladigan yurak to‘xtash holatini oldindan aniqlay olmaydi. Ko‘pchilik qurbonlar ilgari yurak bilan bog‘liq muammolarga ega bo‘lmagan bemorlar hisoblanadi.
Kelajakda ushbu texnologiya shifoxona monitorlarida, shuningdek, aqlli soatlar va boshqa ko‘chma qurilmalarda qo‘llanilishi mumkin. Bu esa yurak xastaligi xavfi bo‘yicha keng qamrovli monitoring imkoniyatini yaratadi.