Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni Toshkent shahrining Olmazor tumani Xastimom mahallasidagi Zarqaynar ko‘chasida amalga oshirilgan turizm va xizmat ko‘rsatish loyihalari bilan tanishdi.
Turizm sohasi nisbatan kam mablag‘ evaziga ko‘plab ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini oshirish hamda hududlar qiyofasini yaxshilash imkonini beradigan istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Toshkent shahrida bu borada katta salohiyat mavjud.
Mazkur imkoniyatlarni to‘liq ishga solish maqsadida Olmazor tumanida 447 gektar hududni qamrab olgan yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Unga muvofiq, 15 ta mahallani o‘zaro bog‘laydigan tuman ahamiyatidagi 6 ta ko‘chada turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda.
Loyihaning muhim qismi hisoblangan Zarqaynar ko‘chasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ushbu hudud asrlar davomida shakllangan tarixiy qiyofasi, milliy me’morchilik an’analari va hunarmandchilik muhiti bilan ajralib turadi.
Respublika budjetidan ajratilgan 150 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 576 ta xonadon milliy uslubda ta’mirlanib, mahalla tarixiy muhitga uyg‘un qiyofa kasb etdi. Shuningdek, 100 nafar tadbirkor tomonidan kiritilgan 166 milliard so‘mlik investitsiya evaziga 7 ta mehmonxona, 8 ta restoran, 5 ta hunarmandchilik markazi, 1 ta savdo markazi hamda 125 ta xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etildi. Natijada 1 500 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi.
Davlat rahbari yangilangan ko‘cha bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obod infratuzilma va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Aholi, hunarmandlar va sayyohlar bilan samimiy muloqot qildi.
Prezident hunarmandchilikni milliylikni ifodalovchi muhim yo‘nalish sifatida baholab, ushbu sohada kadrlar tayyorlashni kuchaytirish, hunarmandlar faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda hunarmandlar universitetini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, davlat rahbariga “Olmazor” innovatsion o‘sish hududini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja taqdim etildi. Unda hududni fazoviy rivojlantirish konsepsiyasi, funksional zonalashtirish va ehtiyojlarni baholash natijalari aks etgan.
Master-rejaga ko‘ra, ta’lim va innovatsiya, turizm va savdo, madaniy meros, biznes hamda IT xizmatlarini qamrab oluvchi “rivojlanish koridorlari” shakllantiriladi. Eski shahar atrofida talabalar shaharchasi, universitetlar, texnoparklar, sog‘liqni saqlash obyektlari hamda Hazrati Imom majmuasi, Chorsu va tarixiy markazni bog‘lovchi turizm yo‘nalishlari rivojlantiriladi.
Prezident tarixiy merosni asrab-avaylagan holda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish zarurligini qayd etib, har bir ko‘cha uchun kamida besh yillik master-reja ishlab chiqish va “Eski shahar” bo‘yicha alohida dastur tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.


