Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan tinchlik tashabbusini to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad etmasdan, uni Ukraina uchun maqbul shaklda qayta ko‘rib chiqishga harakat qilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Zelenskiy o‘t ochishni to‘xtatish sharti bilan Ukrainada saylovlar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, u Zaporijjya atom elektr stansiyasi masalasida murosaga borish mumkinligini, biroq obyekt Ukraina va AQSh nazorati ostida bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Ukraina armiyasi soniga cheklov qo‘yilishi mumkin, ammo u hozirgi darajadan past bo‘lmasligi kerak.
AQSh tomoni Donbassning Ukraina nazoratida qolayotgan qismini qurolsizlantirilgan yoki erkin iqtisodiy hududga aylantirishni taklif qilgan. Biroq Zelenskiy bu rejada xavfsizlik kafolatlari yetarli emasligini qayd etib, agar Ukraina hududdan qo‘shinlarini olib chiqsa, Rossiya kuchlarining qayta kirib kelishiga nima to‘sqinlik qilishi masalasida Vashingtondan batafsil tushuntirish so‘ragan.


