Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasi hududidagi ovqatlanish shoxobchasida yong‘in chiqqani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maʼlumot berdi.
Qayd etilshicha, 6 avgust kuni soat 20:05 larda tuman FVB dispetcherlik xizmatiga tuman tibbiyot birlashmasi hududida joylashgan ovqatlanish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
FVB dan 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borganida xodimlar shifoxona hududida hech qanday yong‘in sodir bo‘lmaganini maʼlum qilishgan.
O‘rganish ishlari olib borilganida “Mustaqillik” MFY Olmazor ko‘chasida joylashgan tadbirkor P.Z. ga qarashli oshxonada yog‘ mahsuloti qarovsiz qoldirilishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan va uni fuqarolarning o‘zlari o‘chirib olishgan.
Hodisa sababli oshxonaning 2 kvadrat metr maydoni qora tutundan qoraygani aniqlandi, natijada hech kimga tan jarohati yetmagan. Hozirda holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


