Afg‘onistonda sport kelajagi qanday bo‘ladi?
Bundan chorak asr oldin “Tolibon” birinchi marta Afg‘oniston hokimiyati tepasiga kelganda barcha sport turlari taqiqlangan, Kobuldagi stadion ommaviy qatl maydoniga aylantirilgan edi.


Bugungi kunda futbolchi ayollar qattiq tahlika ostida bo‘lsa, kriketchilar, aksincha, yangi hukumatdan yordam kutmoqda.
Bir necha kundan so‘ng Tokioda Paralimpiya o‘yinlari boshlanadi, ammo unda Afg‘oniston vakillari ishtirok etmaydi.
Zakiya Xudadadi tekvondo yo‘nalishi bo‘yicha Afg‘onistondan birinchi ayol sportchi sifatida Tokioga yo‘llanma olgan edi. Ammo Kobul aeroportidagi tartibsizliklar tufayli u va boshqa yo‘llanma olgan sportchilar uchib keta olmadi.
Afg‘onistonlik ayollar 2000 yilda ham diskriminatsiya tufayli Olimpiya o‘yinlaridan chetlashtirilgan edi. “Tolibon” hukumati qulagach, afg‘onlar yana Olimpiadaga qaytarildi.
2008 yilda Mexbuba Aydyar ismli ayolga Olimpiadada qatnashgani uchun o‘ldirish bilan tahdid qilingan.
Ayol sportchilar bugun o‘sha voqealar yana qaytarilishi mumkinligidan xavotirda.

Hammasidan ham futbolchi ayollarni qattiq xavotir egallagan.Chunki ular 20 yil davomida qizlar ham futbol o‘ynashi mumkinligi muntazam targ‘ib qilib kelgan.
Ammo 2018 yilda futbol federatsiyasida katta mojaro kelib chiqqan. Mamlakatdan qochib ketgan futbolchi qizlar jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini aytgan.
Ana shu mojarodan so‘ng Afg‘onistonda futbolchi ayollarga munosabat salbiy tarafga o‘zgardi. Ayni paytda Kopengagenda yashovchi Afg‘oniston terma jamoasi sobiq sardori Xalida Popaldan vatanidagi qizlar har kuni qo‘ng‘iroq qilib yordam so‘raydi.
“Aytishim mumkinki, ular uchun hozircha yagona najot uyda qolishdir. Chunki qo‘shnilari ularni toliblarga sotib qo‘yishi mumkin. Men ularga ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va suratlarini o‘chirishni maslahat beryapman”, - degan Popal AR agentligiga bergan intervyusida.
Afg‘oniston futbol federatsiyasi rahbariyati ham ana shu tavsiyaga amal qilmoqda. Ular hozirda toliblardan xavfsirab Hindistonda jon saqlayapti.

Ayni paytda nisbatan xotirjam sport turi vakillari – kriket o‘yinchilari. Chunki bu sport turi Afg‘onistonda keng yoyilgan va rivojlangan. Mamlakat terma jamoasi dunyodagi yetakchi jamoalar o‘ntaligiga kiradi.
Afg‘oniston kriket kengashi bosh direktori Hamid Shinvari “Tolibon” kriketni yaxshi ko‘radi”, deb aytdi. Chunki ularning aksariyati Pokistonda yashagan davrda bu sport turini yoqtirib qolgan.
“Kriket toliblar davrida rivojlandi, deyish mumkin. Bu borada hozir ham muammo yo‘q, deb hisoblayman va, aksincha, ulardan yordam kutaman”, — degan Shinavri.
Sharofat Mahmudova







