Jahon toji uchun kurash boshlandi: Sindarov va Gukesh hisobni teng ochkolar bilan boshladi
Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi bahs jahon chempionligi tarixidagi eng yosh match bo‘ldi.

Javohir Sindarov Jenevada davom etayotgan jahon chempionligi matchining ilk partiyasini amaldagi chempion, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi durang natija bilan yakunladi. Oq donalar bilan o'ynagan o'zbekistonlik shaxmatchi debyutda kamdan-kam uchraydigan yurishni tanladi. Ikkinchi partiyada Sindarov qora donalarni boshqaradi.
Grossmeyster Javohir Sindarov 24-noyabr kuni klassik shaxmat bo'yicha jahon chempioni unvoni uchun titul egasi Gukesh Dommaraju bilan Shveytsariya Federal Respublikasi Jeneva shahri yaqinidagi Kolonyi shaharchasida o'tkazgan partiyasini 38-yurishda tugatgan. Match hisobi 0,5:0,5.
Sindarov va Gukesh o'rtasidagi bahs jahon chempionligi tarixidagi eng yosh qarama-qarshilikka aylandi: ikkala grossmeyster ham 20 yoshda.
O'yin davomida Sindarov vaqt bo'yicha sezilarli ustunlikka erishgan. 20-yurishdan keyin Gukeshda keyingi 20 yurish uchun taxminan 16 daqiqa qolgan bo'lsa, Sindarovning soatida 55 daqiqadan ko'proq vaqt bor edi. Shunga qaramay, hindistonlik grossmeyster muvozanatni saqlab qola olgan.
Avvalgi matchlar qanday boshlangan?
2013-yildan beri jahon tojiga bo'lgan sakkizta uchrashuvning yettitasi durang bilan boshlangan. Yagona istisno 2024-yildagi Singapur matchida oq donalar bilan o'ynagan Gukesh birinchi partiyada xitoylik grossmeyster Din Lijenga yutqazgan, ammo oxirida chempionlik unvonini qo'lga kiritgan.
Keyingi partiyalar qachon?
Ikkinchi partiya 25-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi, Sindarov qora donalarda o'ynaydi. Uchinchi partiya 26-noyabrga rejalashtirilgan, undan keyin shaxmatchilarga dam kuni beriladi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) reglamentiga ko'ra, match klassik vaqt nazoratida ko'pi bilan 14 ta partiyadan iborat. Birinchi bo'lib 7,5 ochko to'plagan o'yinchi jahon chempioniga aylanadi. 14 partiyadan keyin hisob 7:7 bo'lsa, g'olib 12-dekabr kuni tay-brekda aniqlanadi. Matchning umumiy sovrin jamg'armasi 2,5 million dollar. Klassik partiyadagi har bir g'alaba uchun shaxmatchi 200 ming dollardan oladi, qolgan mablag' ishtirokchilar o'rtasida teng bo'linadi.








