Osiyo Kubogi-2023 saralashi keyingi yil markazlashgan tartibda o‘tadi
2023 yil Xitoyda o‘tadigan Osiyo Kubogi saralash o‘yinlari 2022 yil yozda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda Tribuna.uz manbasi xabar bermoqda.

Maʼlum bo‘lishicha, Osiyo Kubogi saralashi uchun qurʼa tashlash marosimi 2022 yil mart yoki aprel oyida o‘tkaziladi. Saralash o‘yinlari esa 2022 yil iyun oyida markazlashgan tartibda o‘tkaziladi. Yaʼni, har bir guruhdagi o‘yinlar bitta mamlakatda o‘tadi.
Maʼlumot uchun, jahon chempionati saralashining hal qiluvchi bosqichiga yo‘l ololmagan O‘zbekiston Osiyo chempionatiga chiqish uchun saralashda qatnashishi kerak. O‘zbekiston saralashdagi reytingi eng baland jamoa sifatida birinchi savatchadan o‘rin olgan. Birinchi savatchada O‘zbekistondan tashqari Bahrayn, Iordaniya, Qirg‘iziston, Falastin va Hindiston ham bor. Yaʼni, bu jamoalar O‘zbekistonga raqib bo‘lmaydi.
Saralashdagi oltita guruhlarda to‘rttadan jamoa bo‘ladi. Guruh g‘oliblari va eng yaxshi ikkinchi o‘rindagi 5 jamoa Osiyo Kubogiga chiqadi. JCH-2022 hal qiluvchi saralashiga chiqqan 12 jamoa ham Osiyo Kubogida ishtirok etadi.
Shu tariqa O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanesda rasmiy o‘yinlargacha yangi jamoa shakllantirish uchun bir yil vaqt bo‘ladi.







