Osiyo Kubogining saralash o‘yinlari markazlashgan tartibda o‘tkaziladi
2023-yil Xitoyda o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Osiyo Kubogi saralash o‘yinlari 2022-yilning yozida tashkil etiladi.


Xabarlarga ko‘ra, Osiyo Kubogi saralashi uchun qurʼa tashlash marosimi 2022 yil mart yoki aprel oyida o‘tkaziladi. Saralash o‘yinlari esa 2022 yil iyun oyida markazlashgan tartibda o‘tkaziladi. Yaʼni, har bir guruhdagi o‘yinlar bitta mamlakatda bo‘lib o‘tadi.
Maʼlumot uchun, jahon chempionati saralashining hal qiluvchi bosqichiga yo‘l ololmagan O‘zbekiston Osiyo chempionatiga chiqish uchun saralashda qatnashishi kerak. O‘zbekiston saralashdagi reytingi eng baland jamoa sifatida birinchi savatchadan o‘rin olgan. Birinchi savatchada O‘zbekistondan tashqari Bahrayn, Iordaniya, Qirg‘iziston, Falastin va Hindiston ham o‘rin olgan. Yaʼni bu jamoalar O‘zbekistonga raqib bo‘lmaydi. Saralashdagi oltita guruhda to‘rttadan jamoa bo‘ladi. Guruh g‘oliblari va ikkinchi o‘rindagi eng yaxshi 5 jamoa Osiyo Kubogiga chiqadi. “JCH-2022” hal qiluvchi saralashiga chiqqan 12 jamoa ham Osiyo Kubogida ishtirok etadi. O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi bo‘lishi kutilayotgan Srechko Katanesda rasmiy o‘yinlargacha yangi jamoani shakllantirish uchun bir yil imkon bo‘ladi.
Jamshid Amirov







